Pokiston sudi 30-yanvar kuni sobiq bosh vazir Imron Xonni davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar bermoqda BBC.

Ayblovga ko‘ra, 72 yoshli Xon Pokistonning Vashingtondagi elchisining Islomoboddagi hukumatga yuborgan maxfiy telegramma mazmunini oshkor qilgan. U bu hujjatni bosh vazirlikdan chetlatilganidan so‘ng mitingga olib chiqqan, shuningdek, buni iste’foga chiqishi xorijiy fitna natijasi ekanining isboti deya atagan.

Bu Pokiston hukumatining sobiq rahbariga so‘nggi olti oy ichida chiqarilgan ikkinchi hukmdir. 2023-yil avgustida Imron Xon korrupsiyada aybdor deb topilib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Siyosatchi ustidan sud jarayoni ketayotgan paytda mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Xonning o‘zi esa qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy motivlarga asoslangan, deb atagan. Sobiq bosh vazirning “Tehrik-e-Insaf” partiyasi hukmga qarshi chiqmoqchi.

Xon bilan birga Pokistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureyshi ham 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, deb yozadi BBC.

  • Sobiq bosh vazirga qarshi yana 150 dan ortiq sud ishi ko‘rib chiqilmoqda. Unga qo‘yilgan ayblovlar orasida sudga hurmatsizlik, terrorizm va zo‘ravonlikka undash kiradi, deya aniqlik kiritdi AP.
  • Hukm Pokistonda parlament saylovlariga sakkiz kun qolganida chiqdi. Xonning sudlangani sababli jarayonda ishtirok etishi taqiqlangan. Shu bilan birga, siyosatchi o‘z tarafdorlarining qo‘llab-quvvatlashi va tuzumga qarshi ritorika tufayli mamlakatda “qudratli siyosiy kuch” bo‘lib qolmoqda, deya qayd etadi agentlik.
  • Imron Xon 2018-yildan 2022-yilgacha Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan. U Pokiston tarixida parlamentda ishonchsizlik votumi bilan hokimiyatdan chetlatilgan birinchi hukumat rahbari bo‘ldi.