Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili o‘z lavozimini tark etadi. Bu haqda u hukumat ma’muriyatidagi brifingda ma’lum qildi, deb yozdi Paper Kartuli.

“Jamoa bilan muhokama qilgan qarorimiz haqida jamoatchilikni xabardor qilmoqchiman. Bugun men bosh vazir lavozimini tark etaman”, — dedi Garibashvili.

Gariboshvili o‘z iste’fosini 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bilan asosladi, deb yozadi nashr. Siyosatchiga ko‘ra, u endi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi raisiga aylanadi.

“Biz sentabr oyi oxirida yangi parlamentni saylaymiz va „Gruziya orzusi“ boshqa, kattaroq maqsadlarga erishish yo‘lida oldinga intilishda davom etishi uchun saylovlarda ishonchli g‘alabaga tayyor bo‘lishi kerak. Ana shu siyosiy voqelikdan kelib chiqib, siyosiy kengashdan partiya raisi lavozimini egallash taklifini oldim”, — dedi u.

Bu Garibashvilining bosh vazirlikdan ikkinchi iste’fosi, deya aniqlik kiritmoqda Newsgeorgia. U birinchi marta 2013−2015-yillarda Gruziya hukumatini boshqargan. O‘shanda ham u o‘z lavozimini iste’foga chiqish yo‘li bilan tark etgandi. Garibashvili 2021-yil fevralida ikkinchi marta bosh vazir bo‘lgan.

“Gruziya online” nashrining qayd etishicha, “Gruziya orzusi” partiyasining amaldagi raisi Irakliy Kobaxidze Garibashvilining o‘rnini egallaydi.