O‘ndan ortiq mamlakat, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya BMTning Falastin qochqinlariga yordam berish agentligini (UNRWA) moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qildi, bunga tashkilot xodimlari HAMASning Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblagani sabab bo‘ldi.

Agentlik bosh komissari Filipp Lazzarini Isroil agentlikka bir qator xodimlarining hujumga aloqadorligi to‘g‘risida ma’lumot berganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot ushbu xodimlar bilan shartnomalarni darhol bekor qilgan va tergov boshlagan.

“Terroristik harakatlarda ishtirok etgan har bir agentlik xodimi javobgarlikka tortiladi”, — deya va’da berdi Lazzarini. Shuningdek, u mamlakatlarni agentlik insonparvarlik yordamini to‘xtatishga majbur bo‘lishidan oldin o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Keyinchalik BMT bosh kotibi Antonio Gutterish agentlikning 12 nafar xodimi haqida so‘z borayotganiga aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan biri o‘ldirilgan, to‘qqiztasi ishdan bo‘shatilgan va yana ikkitasining shaxsi aniqlanmoqda.

“BMT agentlikning bir necha xodimlariga qarshi o‘ta jiddiy ayblovlardan so‘ng shoshilinch choralar ko‘rmoqda. BMTning ichki nazorat xizmatlari idorasi darhol tergovni boshladi”, — dedi u.

BMT bosh kotibi bu ayblovlardan hayratda qolganini va agentlikni moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatgan mamlakatlarning tashvishlarini tushunishini ta’kidladi, ammo, hech bo‘lmaganda, ularni G‘azoda 2 mln tinch aholiga yordam bera oladigan “agentlik faoliyatining davomiyligini kafolatlashga” chaqirdi.

“Agentlikning qaynoq nuqtasida ishlaydigan o‘n minglab erkak va ayollar jamoaviy jazoga tortilmasligi kerak. Ular umidsiz aholining shoshilinch ehtiyojlarini qondirishi kerak”, — dedi u.

AQSh va Buyuk Britaniyadan tashqari Finlyandiya, Niderlandiya, Germaniya, Italiya, Avstraliya, Kanada, Shveysariya, Avstriya va Yaponiya agentlikka moliyaviy yordamni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi qo‘shma bayonotida “tergov yakunlangunga qadar Germaniya boshqa qator davlatlar bilan kelishgan holda G‘azodagi agentlik uchun mablag‘ ajratishni vaqtincha tasdiqlamay turadi”, — deyiladi.

Yaqin Sharqdagi Falastin qochqinlari uchun BMTning yordam agentligi 1949-yilda tashkil etilgan. Uning vazifalari G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Livan, Suriya va Iordaniyadagi falastinliklarga ta’lim, gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Qo‘shma Shtatlar, Germaniya va Yevropa Ittifoqi agentlik uchun eng yirik donorlar qatoriga kiradi.