Uy-joy boshqaruvi kompaniyalari faoliyati ko‘p hollarda qoniqarli emas. 20 ming ko‘p qavatli uy aholisi ularning ishlaridan norozi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning qaytarilmagan krediti va debitor qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga boshqaruv kompaniyalari faoliyatini sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Umuman, elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani qayd etilib, xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirildi.

Ko‘p qavatli uylarni boshqarish, issiqlik va suv ta’minoti sohalarida keskin o‘zgarish bo‘lmayotgani tanqid qilindi.

Jumladan, aksariyat ko‘p qavatli uylarda energiya sarfi xorijga nisbatan 3−4 barobar yuqori, issiqlik ta’minoti tizimida energiya yo‘qotishlari ko‘p, tizimda bugungi kunga qadar biror marta energiya auditi o‘tkazilmagan, debitor qarzdorligi oqibatida issiqlik korxonalari tizimni yaxshilashga investitsiya kiritmayapti.

Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Energetika vazirligiga ko‘p qavatli uylarda energiya tejash bo‘yicha alohida dastur amalga oshirishni boshlash topshirildi.

Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, qayerda markazlashgan, qayerda lokal yoki individual isitish tizimini qo‘llash, qaysi qozonxonalarni kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkazish bo‘yicha har bir hududning issiqlik ta’minoti sxemasi ishlab chiqiladi.