Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori bilan Niyozov Xolmirza O‘zgenovich viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Shu sababli uning o‘rniga 2021-yilning 30-yanvaridan Chinoz tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Botir Bahodirovich Alimbekov vazifa bajaruvchi etib tayinlandi. U 2020-yilning aprelidan 2021-yilning yanvariga qadar ham viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgandi.

Botir Alimbekov 1979-yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat agrar universitetini, so‘ngra Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (hozirgi Davlat boshqaruvi akademiyasi) tamomlagan.

U faoliyati davomida davlat soliq inspektori (2002−2005), “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy AJ mutaxassisi, tuman filiali mudiri, rais o‘rinbosari va boshqaruv raisi (2005−2016), Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i (2016−2017), “Toshkentagrokimyohimoya” hududiy AJ direktorining birinchi o‘rinbosari va jamiyat direktori (2017−2019) lavozimlarida ishlagan.