29-yanvar kuni Shavvkat Mirziyoyev vazirlik va idora rahbarlari bilan yig‘ilishda uy-joy va qurilish sohasidagi eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Uning qisqacha bayonini davlat rahbari matbuot kotibi o‘z rasmiy sahifasida e’lon qildi.

Keltirilishicha, 2024-yilda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma obyektini qurish belgilangan. Lekin rahbarlar budjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha namunali tizim yaratmagan. Qurilishga ajratilgan budjet mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan, talon-toroj va o‘g‘rilik qilingan.

Yig‘ilishda ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obyektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi.

Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.

2025-yil 1-yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda “resurs usuli”dan voz kechilib, “hajm usuli”ga o‘tiladi. 1-iyuldan bu usul yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinadi.

O‘zbekistonda amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari “resurs usuli”ga asoslangan. Unda 1 ta obyekt qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan. “Hajm usuli”da esa pudratchidan yakuniy natija so‘raladi. Muhimi, қурувчи obyektni o‘z vaqtida va sifatli topshirishi kerak, deyiladi xabarda.