29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident bosh vazir Abulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Toshkent shahrida og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4”dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi topshirildi.

Avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillar deya sifatsiz yonilg‘ida ishlaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan chiqindilar, issiqlik va elektr stansiyalarida ko‘mir va mazutdan foydalanish, bosh rejasiz qurilish ishlari va daraxtlarni kesish kabilarni sanagandi.

Muammoni hal etish bo‘yicha taklif etilayotgan eng dolzarb chora-tadbirlardan biri yonilg‘i, xususan, Yevro-4 standartidan past yonilg‘idan foydalanishni taqiqlashdir.