27-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudida ayol kishini kaltaklash haqida videorolik olgan vaynerlar ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda poytaxt sudlari matbuot xizmati.

Videoni vaynerlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan 32 yoshli Sh. O. va Toshkent shahrida tug‘ilgan 31 yoshli R.A. olgan.

Videorolikda ayol eri kaltaklagan paytda ota uyiga qaytib ketgani, otasidan kuyovi bilan gaplashib qo‘yishni so‘raganida otasi unga hammasiga o‘zi aybdorligi, “tilini qisib” yurganida, bu ishlar bo‘lmasligini aytib, ortiga qaytarib yuborganini ko‘rish mumkin.

Sud qaroriga muvofiq Sh. O. va R.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi:

  • 189−1-modda (Tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish);
  • 189−2-modda (Jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish);
  • 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi;
  • 195-modda (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish).

Sud hukmi bilan ularning har biriga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Avvalroq vaynerlar “ayol har qanday holatda eriga itoat qilishi kerak”, degan mazmundagi videolari O‘zbekiston gender tengligi to‘g‘risidagi qonunga zid ekanini aytib, uzr so‘rab chiqqandi.

“Shuning uchun ushbu video internet foydalanuvchilari tomonidan salbiy izohlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so‘raymiz va kelajakda bunday video olmaslikka so‘z beramiz”, — degan ular.

O‘tgan yilning bahorida bloger Doniyor Qayumov Instagram sahifasiga ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi videotasvirni joylashtirgan deb topilib, sud unga 6 mln so‘m jarima belgilagandi.