O‘qishdan najot izlagan bursalik qizaloq

Jinsga doir ayirmachilik — “bu ayollar ishi, mana bunisi esa erkaklarniki” degan cheklovlar turli davru davlatlarda bo‘lgan. Shunday vaqtda odatda erkaklar kasbi deb qaralgan uchuvchilikni tanlab, osmon-osmon orzu qilishdan to‘xtamaslik, izlanish va mashaqqatdan qochmaslik kerakligini isbotlay olgan Sabiha Go‘kchenning hikoyasi bolalikdagi qiyinchiliklar bilan boshlanadi.

1913-yil 22-mart kuni Bursa viloyati bosh kotibi Hofiz Mustafo Izzatbey va Xayriya xonimlarning oilasida dunyoga kelgan Sabiha ota-onasidan erta yetim qolib, akasi Neshetning qo‘lida katta bo‘ladi. Unda o‘qish, maktabga borishga ishtiyoq o‘ta yuqori, biroq bu haqida gap ochgudek bo‘lsa, akasiga yuk bo‘lishni o‘ylab, lom-lim deyolmaydi.

1925-yilning odatiy kunlaridan birida Go‘kchen jumhurboshqon (prezident)ning ular yashaydigan viloyatga tashrif buyurishi haqida xabar topadi. sentabrning 22 sanasida Bursaga yetib kelgan Mustafo Kamol Temeneridagi Hunkar ko‘shkiga joylashadi. Bu qo‘noq Sabihalarning uyiga juda yaqin bo‘lib, uning bog‘i shundoqqina ko‘rinib turardi.

Otaturk bilan ko‘rishib, unga o‘qish istagi haqida aytishni diliga tukkan moviy ko‘zli qizaloq, “zora chiqib qolsa!” deya uni tashqarida kuta boshlaydi. Bog‘ga chiqib, gullar aro kezayotgan Mustafo Kamolga ko‘zi tushishi bilan u tomon chopadi. Yo‘lini to‘sgan qo‘riqchilarga Otaturk qizni qo‘yib yuborishlarini aytib, uning nima demoqchiligini bilmoqchi bo‘ladi.

Sabiha ota-onasidan erta ayrilgani, akasi bilan yashashi, maktabga borishni istashini so‘zlab berarkan, undan yordam so‘raydi. 12 yashar qizaloqda o‘qishga xohish shunchalik yuqoriligi, qarshisiga chiqishga jasorat topganidan ta’sirlangan davlat rahbari undan: “Seni farzand qilib asrab olsam, men bilan Anqaraga ketasanmi?”, — deb so‘raydi.

To‘satdan bildirilgan bunday taklifdan hayratlanish bilan birga kimsan Otaturkka qiz bo‘lishni o‘ylarkan, bolalarcha sevingan Sabiha bunga yolg‘iz o‘zi qaror qilolmasligi, akasidan so‘rashi lozimligini aytadi. Singlisining ta’limi va istiqboli, bu qaror kelgusidagi muvaffaqiyatlarga debocha bo‘lishini anglagan akaning roziligini olgach, 8-oktabrda prezident bilan birga Anqaraga jo‘nab ketadi.

Sabiha bilan sodir bo‘lgan bu voqea hayotni o‘zgartirish insonning o‘z qo‘lida — harakatiga bog‘liqligi, yigitmi-qizmi — nimani istayotganini bilib — bolaligidanoq o‘z fikriga ega bo‘lib, uni ifodalashdan tap tortmasligi kerakligiga isbotdir.

Mustafo Kamol Otaturkning tutingan qizlari: (chapdan) Ruqiya, Sabiha, Afet, Zehra. Foto: WikimediaMustafo Kamol Otaturkning tutingan qizlari: (chapdan) Ruqiya, Sabiha, Afet, Zehra. Foto: Wikimedia

Ma’lumot o‘rnida. Mustafo Kamol hayoti davomida: Ihsan, O‘mer, Afife, Abdurrahim va Zehrani Turkiya respublikasi e’lon qilinishidan avval, Sabiha, Afet, Ruqiya, Nebile, Ulku va Mustafoni esa respublika e’lon qilingach asrab olgan.

Anqaraga yetib kelgan Sabiha dastlab Chankaya boshlang‘ich maktabida, so‘ng Uskudar (Istanbul)dagi qizlar maktabida tahsil oladi. Bu orada salomatligidagi muammo tufayli Heybeliadada, keyinroq Venada davolanib keladi. Fransuz tilisini yaxshilash maqsadida bir muddat Parijda ham yashaydi.

O‘zagidagi “go‘k” — turk tilida “samo”, “ko‘k” ma’nosini anglatuvchi familiya unga Otaturk tomonidan 1934-yil 19-dekabrda — Turkiyada Familiya to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgach beriladi. Qizig‘i, u paytda Sabiha na uchuvchi bo‘lishni, na ko‘kda parvoz qilishni xayol surgandi. Oqshom dasturxoni atrofida o‘tirgan kunlarining birida Mustafo Kamol qizidan familiyasi qanday bo‘lishini istashi haqida so‘raydi.

“Barcha yuzimga qarab turardi. ‘Siz qanday amr etsangiz, shunday bo‘lsin, afandim!', deya duduqlandim. Hayajonlanardim. Aqlimdan ming xil narsa kechar, ammo bularning hech birini so‘ylashga jur’at etolmadim. Otaturk javobimdan keyin qo‘lini iyagiga qo‘yib, biroz o‘yga tolgach: ‘Senga Otaturk qizi familiyasini berishni istardim, ammo…', dediyu, ammodan keyinini aytmadi…”.

Uchuvchi bo‘lish uchun Qrim, Moskva, Eskishehirda o‘qish

Sabihaning tarjimai holida Otaturk ismi ko‘p va xo‘b uchraydi. Go‘kchenning tirishqoq, iste’dodli va intiluvchanligini inkor qilmagan, aksincha urg‘u bergan holda alohida to‘xtalish joizki, agar har qarorida qo‘llovchi, istaklarini inobatga oluvchi bu inson bo‘lmaganida, Sabihaning taqdiri tamoman boshqacha bo‘lardi, ehtimol. Ya’ni bu aslida qizlarning hayotida ularning xohishlariga quloq soluvchi, orzularining etagidan mahkam tutishga kuch beruvchi, orzularning armonga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydigan otalarning roli naqadar muhimligi, buni his qila olgan qizlar esa “ucha olishi”, har joyda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, o‘zini xafa qildirib qo‘ymasligiga dalolatdir. Otalarining qo‘llovini his qilib ulg‘aygan qizlar, ehtimol, xuddi Sabiha singari qat’iy qaror qilishdan cho‘chimas, tanlagan sohasida yetakchi bo‘lib, muvaffaqiyatga erishar.

Bursa bog‘idagi uchrashuv bo‘lajak uchuvchining hayotini o‘zgartirgan birinchi voqea bo‘lsa, 1935-yilning 5-may sanasidagi “Turk qushi” maktabining ochilish marosimi ikkinchisi edi. Tadbirda chet ellik planyorchi va parashyutchilarning havodagi tomoshalarini zavqu shavq bilan tomosha qilayotganini sezgan Otaturk undan: “Uchuvchi bo‘lasanmi?”, — deb so‘raydi. Sabihaning: “Ularning o‘rnida bo‘lishni istardim!”, — degan javobi uning kelgusida osmonni zabt etishiga asos bo‘ladi.

Sabiha Go‘kchen parvoz oldidan. Foto: Tuz Golu GazetesiSabiha Go‘kchen parvoz oldidan. Foto: Tuz Golu Gazetesi

Bu vaqt butun dunyoda uchuvchilik faqat erkaklarga xos kasb deb qaralardi. Sabihaning bu boradagi tanlovi mavjud stereotiplarga qarshi amaliy “yurish” bo‘ladi va bu bilan nafaqat uning, balki u o‘rnak bo‘lgan ayollar hayotida ham yangi — “parvoz” davri boshlanadi.

Shu yili Turkiya aviatsiya tashkilotining maktabiga o‘qishga kiradi. Parvoz maktabida birinchi ayol stajyor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, uchuvchi guvohnomasini oladi. Keyinroq yetti nafar o‘quvchi bilan birga Ko‘kto‘bel (Qrim)dagi planyor maktabida olti oy o‘qiydi. O‘qishni davom ettirish uchun Moskvaga kelgan vaqti opasi Zehraning vafoti haqida xabar topib, zudlik bilan Turkiyaga qaytishiga to‘g‘ri keladi.

Sabiha Go‘kchen imtihon topshirgach, uchuvchi guvohnomasini olishi haqidagi gazeta xabariSabiha Go‘kchen imtihon topshirgach, uchuvchi guvohnomasini olishi haqidagi gazeta xabari

1935-yil 11-yanvarda diplom va planyor (motorsiz, qanotli uchish apparati) o‘qituvchisi unvonini olgan Sabiha Eskishehir harbiy parvoz maktabidan keltirilgan motorli uchoqda saboqni davom ettiradi. U birinchi marta 1936-yilning 25-fevralida motorli uchoqda parvoz qiladi.

Bu yutuqlaridan sevingan Otaturk unga: “Meni juda baxtiyor qilding. Endi sen uchun rejalarimni ochiqlashim mumkin… Balki dunyodagi ilk harbiy ayol uchuvchi bo‘larsan… Bir turk qizining dunyodagi ilk harbiy ayol uchuvchi bo‘lishi naqadar iftixor beruvchi voqea ekanligini taxmin qila olasan, shunday emasmi? Hoziroq chora ko‘rib, seni darhol Eskishehirdagi uchoq maktabiga yuboraman. U yerda maxsus ta’lim olasan”, — deydi.

Sabiha Go‘kchen va Mustafo Kamol Otaturk, 1937-yil. Foto: WikimediaSabiha Go‘kchen va Mustafo Kamol Otaturk, 1937-yil. Foto: Wikimedia

O‘sha vaqtlarda harbiy maktablarga qizlar qabul qilinmagan. Shu bois u maxsus forma kiyib, 11 oy o‘qituvchi Nuveyre Uyguch hamrohligida Eskishehirdagi maktabda alohida ta’lim oladi. O‘qishni tamomlagani haqidagi guvohnomani qo‘lga kiritgach, Eskishehirdagi havo polkida olti oylik xizmatni o‘tab, dunyodagi birinchi harbiy ayol uchuvchiga aylanadi.

“Ko‘k qizi”ning ikki jasorati

Mardlik va qat’iyat eng yaxshi xususiyatlardan bo‘lib, ular mujassam bo‘lgan shaxs — u xoh yigit bo‘lsin, xoh qiz, faqat o‘zining yo oilasinigina emas, balki butun mamlakat taqdirini ham o‘zgartirishi, kamida bunga hissa qo‘shishi mumkin. Jasurlikda erkaklardan qolishmaydigan Sabiha mana shunday xususiyatlari va aqlli “hiyla” bilan Hatay masalasining biryoqlik bo‘lishiga yordam bergan.

1937-yili Fransiya Hatay viloyatini Turkiyaga emas, Suriyaga bermoqchi ekani haqidagi xabar Anqarada norozilik keltirib chiqargach, Sabihani oldiga chaqirgan Otaturk unga rejasini tushuntiradi. Reja bo‘yicha, harbiy libosdagi Go‘kchen va boshqalar Otaturk hamrohligida Anqaradagi fransuz elchisi Ponceau va elchixona xodimlari tamaddi qilayotgan “Karpich” restoraniga boradi.

U yerda nutq so‘zlagan general Kasim Sevuktekin gapini fransuzlar Hatayni Turkiyaniki deb qaror qilishiga ishonishini aytish bilan tugatadi. Fransuz elchisi Sevuktekinni olqishlaydi. Generalning ortidan so‘zga chiqqan Go‘kchen esa fransuzlar oxiri Hatayni Suriyaga berish bilan tugovchi o‘yin boshlagani, ammo turklar bu tuproqlarni boshqalarga berib qo‘ymasligi, yoshlar kerak bo‘lsa qo‘liga qurol olib bo‘lsa ham bu ishni hal qilishini aytib, fransuzlarning yuragiga g‘ulg‘ula soladi.

Vajohat va jiddiylik qorishiq nutqini: “Hatay bizning jonimiz, fido bo‘lsin qonimiz”, degancha shiftga qarata uch karra o‘q otish bilan yakunlaydi. Go‘kchen bu xatti-harakati uchun sudlanib, 24 soat qamoqda o‘tirib ham chiqadi. Ammo u yetkazmoqchi bo‘lgan “xabar” o‘z egasini topgan, Fransiya Hatay masalasida Turkiya naqadar qat’iyatli ekanini tushunib yetgan edi.

Go‘kchenni dunyoga tanitgan yana bir tashabbusi — bir o‘zi samolyotda Bolqon bo‘ylab sayohatga chiqqanidir. Bu safar rejasi Otaturk 1938-yili Bolqon pakti kengashining a’zolariga Sabihani tanishtirishidan boshlangan. Bu rejaga katta qiziqish bildirgan mehmonlar Sabihani uchog‘i bilan o‘z mamlakatlarida ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirgach, Go‘kchen Otaturkning topshirig‘iga ko‘ra hozirlik ko‘rgan.

Sabiha Go‘kchen Bolqon turi doirasida Gretsiya poytaxti Afinada. Foto: WikimediaSabiha Go‘kchen Bolqon turi doirasida Gretsiya poytaxti Afinada. Foto: Wikimedia

Sayohat uchun maxsus ta’lim olgan Sabiha o‘sha vaqtda betob bo‘lgan Otaturkni tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi. Qizining holati, shu bilan birga vaziyatning qandayligini yaxshi tushungan davlat rahbari esa lafz qilgan inson uning ustidan chiqolsagina hurmat qozonishi, qolaversa, turklar so‘zidan qaytmasligi, xizmatdaligida qizining qaytishini o‘ylab, hastalikni yengishga harakat qilishini aytib, Sabihani ko‘ndiradi.

Sabina Go‘kchenning Bolqon turi haqidagi gazeta xabarlariSabina Go‘kchenning Bolqon turi haqidagi gazeta xabarlari

16-iyun kuni Istanbuldan Vultee uchog‘ida parvoz qilgan Sabiha olti kun davomida Afina (Gretsiya), Sofiya (Bolgariya), Belgrad (Yugoslaviya, hozirgi Serbiya) va Buxarest (Ruminiya) uzra uchib, 22-iyunda Istanbulga qaytadi. Matbuotda katta qiziqish uyg‘otgan Bolqon turidan keyin Go‘kchenni har yerda “ko‘kning qizi” deb atay boshlaydilar.

Otaturkdan so‘ng

1938-yil 10-noyabrda butun Turkiyani larzaga keltirgan voqea sodir bo‘ladi — xalqi tomonidan “millat otasi” deb e’tirof etiluvchi Mustafo Kamol 57 yoshida hayotdan ko‘z yumadi. Bu, boshqa farzandlar qatori, Sabihaga ham qattiq zarba bo‘ladi. Davlat o‘z rahbari, aholi yo‘lboshchisidan ayrilgan, ularga esa yanada og‘irroq — otasini yo‘qotgan edi. Go‘kchen “Otaturk ila bir umr” nomli xotira kitobida hayotining Otaturksiz kechgan yillarini hisobga olmaydi va buni o‘ta qisqa vaqt deb ataydi.

Sabiha 1940-yili uchuvchilik maktabi o‘qituvchisi Kamol Esiner bilan oila quradi. Ammo ularning turmushi uzoqqa cho‘zilmaydi — oradan uch yil o‘tib, Esiner hayotdan ko‘z yumadi. Sabiha shu bilan boshqa oila qilmaydi.

Sabiha Go‘kchen va Kamol Esiner. Foto: Instagram / aysebalinastrolojiSabiha Go‘kchen va Kamol Esiner. Foto: Instagram / aysebalinastroloji

1955-yilgacha “Turk qushi” maktabida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan Sabiha faoliyati davomida 22 xil turdagi uchoqda jami 8000 soat parvoz qiladi. 1991-yilda Xalqaro aviatsiya federatsiyasi tomonidan oltin medal bilan taqdirlanadi. 1996-yil AQSh harbiy havo kuchlarining “Tarixdagi eng mashhur 20 uchuvchi” ro‘yxatida faxriy o‘rinni egalaydi. So‘nggi bor 83 yoshida fransuz uchuvchisi Daniel Akton bilan birga parvoz qilgan “samo qizi” 2001-yil 22-mart kuni — o‘z tavallud sanasida hayotdan ko‘z yumadi.

Sabiha Go‘kchenning Turkiya oldidagi xizmatlari, aviatsiya rivojiga qo‘shgan hissasini tarixga muhrlash maqsadida Istanbuldagi ikkinchi xalqaro aeroportga, shifoxona va maktablarga nomi beriladi. Turk qizlariga esa hali ham aynan Go‘kchenga havas qilib Sabiha deb ism qo‘yish ko‘p uchraydi.

Xulosa o‘rnida

Sabiha Go‘kchen parvoz oldidan. Foto: Tuz Golu GazetesiSabiha Go‘kchen parvoz oldidan. Foto: Tuz Golu Gazetesi

Sabiha Go‘kchen hayoti “qiz bola degani o‘qituvchi, tikuvchi yo hamshira bo‘lgani ma’qul” deguvchilarning bosimi ostida o‘ziga ma’qul kasbni, sohani tanlashga ikkilanayotgan, xohishi boru, buni ochiq aytishga jasorati yetmayotgan xotin-qizlar uchun yaxshi bir ibratdir. U bir intervyusida uchuvchilik kasbi haqida to‘xtalarkan: “Bu ish istalgan ayolning qo‘lidan keladi”, degandi. Xuddi shunday — istalgan xotin-qiz parvoz va “parvoz” qila oladi.