Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 6 nafar fuqaro is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz” so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, shaharning “Vatan” MFYda joylashgan ko‘p qavatli uyda yashagan er-xotin N.M. (1967-yilda tug‘ilgan) va Z.M. (1970), ularning qizi D.I. (1994), nabiralari S.M. (2019), M.J. (2017) va M.J. (2021) 26-yanvar kuni tush paytida vafot etgan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mo‘ri isitish qozoni (kotyol)dan nostandart holatda tashqariga chiqarilgan, oqibatda polietilendan ishlangan mo‘ri qizishi sababli kirishgan joyidan chiqib ketgan. Shu tariqa, xonaga is gazi to‘planib qolgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi sababi sifatida is gazidan o‘tkir zaharlanish va o‘tkir yurak nafas yetishmovchiligi ko‘rsatilgan.

Tergovga kadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.