Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 26-yanvar kuni odam o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda poytaxt YHXB axborot xizmati.

Soat 02:20 da tumanning Bunyodkor ko‘chasi Chilonzor buyum bozori (“Ippodrom”) qarshisida 20 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Malibu hamda 27 yoshli haydovchi boshqargan Spark avtomashinalari ishtirokida mazkur holat sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida Spark haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Shu mashinaning bir nafar yo‘lovchisi esa jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishiga sabab bo‘lgan holda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.