Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga yuklama ortib ketgani sababli Soliq mobil ilovasi faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

“Mutaxassislar yuklamani barqarorlashtirish va mobil ilova funksiyalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash ustida ish olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

Soliq qo‘mitasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, yuklamaning oshishi Soliq qo‘mitasi serverlari tomonidan qayta ishlanadigan cheklar va operatsiyalar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, har oyning 25−26 kunlarida keshbek hisoblanadi va foydalanuvchilarga to‘lanadi.

Qo‘mita, shuningdek, joriy texnik imkoniyatlarni bahor oxirigacha kengaytirish rejalashtirilganini, qo‘shimcha uskunalar kelishi kutilayotganini ta’kidladi.

Soliq qo‘mitasining prognoziga ko‘ra, kun oxirigacha yuklamalarning barqarorlashishi kutilmoqda.