Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov “Navbahor” futbol klubiga viloyat budjetining zaxira jamg‘armasidan 2,5 milliard so‘m ajratdi. U bu haqda 19 va 25 yanvar kunlari farmoyishlar imzolagan.

Hujjatga ko‘ra, viloyatda futbolni rivojlantirish va futbol klubining moliyaviy ahvolini yaxshilash, mavsum oldidan yig‘inlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun mablag‘ ajratilmoqda.

Shu tariqa hokim avvaliga klubning murojaati asosida 500 million so‘m, olti kundan keyin esa yana 2 milliard so‘m ajratdi.

O‘tgan futbol mavsumi yakuniga ko‘ra, “Navbahor” O‘zbekiston Superligasida 47 ochko bilan peshqadam “Paxtakor”dan 6 ochko ortda qolib, uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘tgan yilning iyul oyida Toshkent shahri hokimligi “Paxtakor”ga maosh va boshqa to‘lovlarni moliyalashtirish hamda o‘yinlar o‘tkazish uchun 7 milliard so‘m ajratgandi.

Avgust oyida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov xususiy “Andijon” futbol klubiga moliyaviy ko‘mak berishini ma’lum qilgandi. O‘zbekiston chempionatining 17-turida “Olimpik” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng futbolchi Rubin Hebayga avtomobil, qolgan futbolchilarga esa iPhone 14 smartfonlarini sovg‘a qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 24-martdagi qarori bilan mamlakatning bir qator futbol klublari, jumladan, “Paxtakor”, “Navbahor” va boshqalarni xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.