Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida 23-yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yerni hujjatsiz 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 37 yoshli Sh. A. Buvayda tumani Bekobod qishlog‘idan o‘ziga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi uchun ajratilgan 25 sotix yer maydonini sotishni rejalashtirgan. U xaridor deb taxmin qilingan fuqarodan 20 ming dollar olayotgan vaqtda ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX tezkor tadbir o‘tkazib, Qashqadaryoda jami 99 gektar yerni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbarlari va xodimini qo‘lga olgandi. Sirdaryoda ham muqaddam sudlangan shaxs bog‘ yaratish uchun berilgan yerni 30 ming dollarga sotmoqchiligi ma’lum bo‘lgan.