Kioto okrugi sudi 2019-yilda Kyoto Animation studiyasiga o‘t qo‘yishda aybdor deb topilgan 45 yoshli Sindzi Aobani o‘lim jazosiga hukm qildi, deb xabar bermoqda Kyodo axborot agentligi.

2019-yilning 18-iyulida u keltirib chiqargan yong‘in oqibatida 36 kishi halok bo‘lib, yana 32 kishi jarohat olgandi. Bu voqea Yaponiyadagi eng yirik ommaviy qirg‘inlardan biriga aylangan.

Aoba o‘z aybini tan oldi, ammo advokatlari o‘t qo‘yish vaqtida u es-hushi joyida bo‘lmaganini ta’kidlab, jazoni yengillashtirishni so‘radi. Biroq sudya uni aqli raso deb topdi, deya qayd etadi Kyodo.

Erkak binoga o‘t qo‘yishga qaror qilganini studiya uning ishini o‘g‘irlaganiga ishongani bilan izohladi. U Kyoto Animation`ni o‘zining tanlov uchun yuborgan romanini o‘g‘irlashda aybladi. The Japan Times`ning yozishicha, studiya sudlanuvchining biron bir asarini o‘g‘irlaganiga hech qanday dalil yo‘q.

Aoba sud hukmi e’lon qilingan majlisga nogironlar aravachasida olib kelingan. Erkakning o‘zi ham yong‘inda jiddiy kuyish jarohatlarini olgan va hujumdan 10 oy o‘tib hibsga olingunga qadar intensiv tarzda davolangan.

  • Kyoto Animation studiyasi mashhur anime asarlari, jumladan, K-On! va “Xaruxi Sudzumiyaning melanxoliyasi"ni yaratgani bilan tanilgan.
  • Yaponiyada o‘lim jazosi og‘ir jinoyatlar uchun jazo turi sifatida saqlanib qolgan va bir qancha odamni o‘ldirganlarga nisbatan qo‘llanadi. O‘lim jazosi so‘nggi marta 2022-yilda amalga oshirilgan edi.