O‘zbekistonda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda juma kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida maktab ta’limi sifatini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi.

Idora “bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqishga” mas’ul bo‘ladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 10284 ta maktab mavjud. Har yili o‘rtacha 400 ming bola maktabni bitiradi, ulardan 170 ming nafari ta’limni davom ettiradi.

Yangi baholash tizimi va maktablarni akkreditatsiya qilish

Bugungi kunda 500 ta maktabda prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. “Natijada ilg‘or xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni yechish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizga yetkazilgan”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda kelgusi o‘quv yiligacha mazkur baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish vazifasi topshirildi.

“Maktablarning o‘zi ham akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘qituvchilar malakasini oshirishning “eskirgan usullari”

Pedagoglarning bilim va mahoratini oshirish masalasi ko‘rib chiqilayotganda “Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi” qayd etildi.

Prezident 14 ta hududdagi (Toshkent, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar) bunday markazlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasini qo‘ydi.

Xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini bu bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ham ta’kidlandi.

Xususiy maktablar uchun imtiyozlar

Mamlakatda xususiy maktablar sonining ko‘payishi davlat maktablariga yuklamani kamaytirish va sog‘lom raqobatni rivojlantirishga yordam beradi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda xususiy maktablar uchun litsenziya talablarini soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal to‘lovlardan qo‘shimcha yengilliklar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Mutasaddilarga ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.

Mahallalarning maktab hayotidagi ishtiroki

Davlat rahbari maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining o‘rni katta bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Mahalladagi muhit, aholi bandligi ko‘p jihatdan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e’tiborli bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Darhaqiqat, maktab masalasi faqatgina ta’lim sohasining emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning ishi. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. „Bir bolaga yetti mahalla ota-ona“ degan maqol zamirida ham ayni shu haqiqat mujassam. Shunda ota-onalar ham o‘z farzandlari tarbiyasiga yanada e’tiborliroq bo‘ladi. Tobora globallashayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.