O‘zbekistonning Dubay shahrida yangi tayinlangan bosh konsuli Kamol Ikromov Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligining Dubay bo‘limi direktori Shayx Maktum bin Butti Al-Maktum bilan uchrashdi va konsullik patentini qabul qilib oldi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va BAA munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, turizm, fan va madaniyat sohalarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Yangi bosh konsul 44 yoshda. U Dubayga tayinlanishidan avval 2018−2023-yillarda O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishgan. Kamol Ikromov mamlakatning Dubaydagi Bosh konsulligiga 2019−2024-yillarda rahbarlik qilgan Alisher Salomov o‘rniga tayinlandi.

Bosh konsulxona konsullik okrugiga Dubay, Sharja, Ras al-Xayma, Ajman, Um al-Kuvayn va Fujayra amirliklari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 16-fevraldan boshlab O‘zbekiston fuqarolari BAAga 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga vizasiz kirishi mumkin bo‘ladi.