2023-yilda Yevropa Ittifoqida qazib olinadigan yoqilg‘idan chiqadigan karbonat angidrid (CO2) 2022-yilga nisbatan 8 foizga qisqardi va so‘nggi 60 yildagi eng past darajaga yetdi, deb yozadi The Guardian.

“Yevropa Ittifoqi CO2 emissiyasi nihoyat 1960-yillardagi darajaga qaytdi”, — dedi Energiya va toza havo tadqiqotlari markazi tahlilchisi Isaak Levi. “Bu vaqt ichida iqtisodiyot uch baravar oshdi va bu iqlim o‘zgarishi bilan iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilmay kurashish mumkinligini ko‘rsatdi”

Markaz hisobotida aytilishicha, chiqindilarni kamaytirishning yarmidan ko‘pi “yashil” elektr energiyasidan foydalanish hisobiga bo‘lgan. Sanoat ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi o‘tgan yili rekord miqdordagi quyosh panellari va shamol turbinalarini qurdi va bir yil oldin qurg‘oqchilik va ta’mirlash ishlaridan zarar ko‘rgan to‘g‘onlar va atom elektr stansiyalaridan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq, raqamlar qishloq xo‘jaligi, sement ishlab chiqarish va metan kabi boshqa issiqxona gazlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, butun Yevropada karbonat angidrid emissiyasi chiqarish darajasi hali ham juda sekin pasaymoqda.

Aynan atmosferada karbonat angidrid (CO2) kontsentratsiyasining oshishi global isishning asosiy katalizatoridir. Global haroratni nazorat ostida ushlab turish uchun Yevropa Ittifoqi o‘n yillik oxiriga qadar issiqxona gazlari emissiyasini 1990-yil darajasiga nisbatan 55 foizga qisqartirish va 2050-yilga kelib “sof nolga” erishishga va’da berdi.