Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Xitoyga davlat tashrifi doirasida Pekindan Xitoyning aholi soni bo‘yicha uchinchi shahri hisoblangan Shenchjen shahriga bordi.

Shenchjen Guandun muzofotidagi maxsus iqtisodiy hudud sanaladi. Texnologiyalar, tadqiqotlar, ishlab chiqarish, biznes va iqtisodiyot, turizm va transport borasida global markazlardan biri, konteynerli yuklar bilan ishlash quvvati bo‘yicha dunyodagi to‘rtinchi dengiz porti hisoblanadi.

Guandun Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini shakllantiradi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilik qiladi. Muzofot O‘zbekiston hududlarining eng yirik iqtisodiy sherigidir.

Bugun Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston-Xitoy investitsiya forumida ishtirok etishi, XXR rasmiylari, kompaniya va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Birinchi uchrashuv Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan muzokaralar bo‘ldi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda muzofot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu jumladan, Guandunning yetakchi kompaniyalari uchun mamlakat hududlarida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik parklar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev Guandun provinsiyasining O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashi faoliyatidagi muhim o‘rnini ta’kidladi, uni tashkil etish to‘g‘risida bir kun avval Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuvda kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, prezident hududda joylashgan Huawei, BYD, ZTE va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Gumanitar aloqalar va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish maqsadida IT ta’lim sohasida hamkorlik qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.