Isroil va HAMAS 30 kunlik sulh bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi, bu muddat davomida isroillik asirlarni falastinlik mahbuslarga almashish rejalashtirilgan, deb yozmoqda Reuters manbalarga tayanib.

Sulh bo‘yicha muzokaralarda Qatar, AQSh va Misr vositachilik qilmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, vositachilar ishtirokidagi bunday diplomatiyaning so‘nggi bosqichi 28-dekabrda boshlangan.

Reuters manbalarining ta’kidlashicha, sulh G‘azo sektoridagi urushni yakunlash bo‘yicha tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli kechikmoqda.

Misr xavfsizlik manbalari, HAMASni bir oylik sulhga, so‘ngra o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirish uchun ish olib borilayotganini bildirdi. Biroq, ularga ko‘ra, guruh bitimning ikkinchi qismi bajarilishi kafolatini talab qilmoqda. Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, kafolatlar deganda nimalar nazarda tutilayotgani noma’lum.

Reuters agentligining HAMASdagi yuqori martabali manbasiga ko‘ra, Isroilning takliflaridan biri qarshi tomonning olti yetakchisini topshirish evaziga urushni tugatish bo‘lgan. HAMAS bu taklifni “qat’iyan” rad etgan.

Agentlikning qolgan beshta manbasiga ko‘ra, Isroil HAMAS rahbariyatini yo‘q qilishni o‘z ichiga olmagan, urushni tugatishga qaratilgan har qanday kelishuvni muhokama qilishdan bosh tortgan.

Muzokaralar haqida ma’lumot bergan manba ularni shiddatli deb ta’riflab, “istalgan vaqtda” kelishuvga erishish mumkinligini aytdi.

Reuters uzoq davom etgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimida Isroil qo‘shinlari va zirhli texnikalari G‘azoda qolishi yoki qolmasligini aniqlay olmadi.

7-oktabrdagi hujum paytida asirga olingan 130 ga yaqin isroillik HAMAS asirligida qolmoqda, deya aniqlik kiritmoqda nashr. Tomonlarning 2023-yil noyabr oyi oxiridagi sulh davomida 100 dan ortiq isroillik va 240 ga yaqin falastinlik ozod etilgan.

Mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabrda HAMAS Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirdi va 200 dan ortiqni garovga oldi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro sababli hududda hozirgacha 25 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.