Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahri va Samarqand viloyatida fuqarolarni AQSh, Fransiya va Kanadaga jo‘natishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.

Chilonzor tumanida K.S., M.O. va O.Z. ismli shaxslar Sh. Sh.ning ishonchiga kirib, unga viza hujjatlarini rasmiylashtirish va Yevropa davlatlari orqali AQShga borishda yordam berishni va’da qilgan. Ular xizmatlari uchun 32 ming dollar talab qilib, pullarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida O.Z fuqaro Sh. F. va uning oila a’zolariga Fransiya davlatiga borish uchun viza hujjatlarini olib berishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi. Xizmati uchun u 3900 dollar talab qilgan va pulni kartasiga o‘tkazib olgan.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida H.A., G. M. va J.A.lar fuqaro R.M.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida 7000 dollar evaziga Kanadaga jo‘natishni va’da qiladi. Ular oldindan 1500 dollar va 600 ming so‘mni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28-moddani qo‘llagan holda 211-moddasi (Pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.