Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24-yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida qulab tushdi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, bortda 74 kishi bo‘lgan: Belgorodga almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va ularning 3 nafar hamrohi. Ularning barchasi, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, vafot etgan.

“Meduza” nashrining yozishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi Il-76 halokatini terakt deb atadi va bunda Ukraina harbiylarini aybladi. Ukraina hukumati halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q, ammo samolyot halokatida Rossiyani ayblamadi. Ukraina harbiy razvedkasi 24-yanvar kuni Moskva va Kiyev asirlarni almashishga tayyorlanayotganini tasdiqladi va Ukraina tomonida Il-76 bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, shu kuni jami 192 nafar ukrainalik harbiyni 192 nafar rossiyalik harbiy xizmatchiga almashtirish rejalashtirilgandi. Telegram`dagi Mash kanalining xabar berishicha, Il-76 bortida “Azov” batalonining kamida 12 nafar vakili va yana 53 nafar ukrainalik harbiy bo‘lgan.

Xalqaro tergov o‘tkazish talabi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, ukrainalik harbiy asirlarni almashish uchun olib ketayotgan Il-76 rus harbiy samolyoti halokati haqidagi ilk xabarlardan 12 soat o‘tib, falokat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Zelenskiy Ukraina Il-76 halokati bo‘yicha “xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishini” aytdi. U samolyotni kim urib tushirgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirmadi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Mudofaa vazirligi, Ukraina Qurolli kuchlari, Ukraina xavfsizlik xizmati va harbiy razvedka vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, samolyot va asirlarni almashish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha hisobotlarini tinglagan.

“Ko‘rinib turibdiki, rossiyaliklar ukrainalik mahbuslarning hayoti, ularning yaqinlarining his-tuyg‘ulari va jamiyatimiz hissiyotlari bilan o‘ynashmoqda. Iloji boricha aniq faktlarni olish kerak. Ayniqsa, samolyot Rossiya hududida — bizning nazoratimizdan tashqarida qulaganini hisobga olsak. „Faktlar“ — hozir asosiy so‘z. Harbiy havo kuchlaridan foydalanish bo‘yicha Bosh qo‘mondon va Bosh shtabni tingladim. Bosh razvedka boshqarmasi barcha mahbuslar ishini tekshirmoqda. Xavfsizlik xizmati barcha holatlarni o‘rganmoqda. Men Ukraina tashqi ishlar vaziriga hamkorlarni Ukrainadagi mavjud ma’lumotlar haqida xabardor qilishni topshirdim. Davlatimiz xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qiladi”, — deydi u.

“RBK-Ukraina” manbalariga ko‘ra, falokat holatlari aniqlanguniga qadar Zelenskiy mamlakatning markaziy hududlariga safarini bekor qilgan va uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun uchrashuvlarni taqiqlagan. 25-yanvar kuni Zelenskiy 46 yoshga to‘ldi.

Ukraina unday desa, Rossiya bunday deyapti

AQSh Belgorod viloyatida Rossiyaning Il-76 harbiy samolyoti halokatga uchragan holatlarni tekshirmoqda, deya bayonot berdi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

“Biz [samolyot halokati haqidagi] xabarlarni ko‘rdik, ma’lumot olishga harakat qilmoqdamiz. Bu xabarlar qanchalik ishonchli ekanini bilmaymiz. Ukraina unday desa, Rossiya bunday deyapti, bu haqda yetarlicha bilmaymiz”, — deydi Kirbi.