Xorazm viloyatida Samarqanddan Urganchga sement olib ketayotgan yuk mashinasidan 9 kilogramm 754 gramm opiy moddasi topildi, deb xabar qildi DXX matbuot xizmati.

Giyohvandlik moddasi 10 dona o‘ramga qadoqlanib, sement qoplariga yashirilgan. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Surishtiruv ishlari davomida ushbu moddalar Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro buyurtmasi bilan yetkazib berilayotgani aniqlandi. U ilgari giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun uch marta sudlangan.

Giyohvand moddalar Xorazmga yetkazilishi kerak bo‘lgan. Ular Tojikistondan noqonuniy olib o‘tilgan.

Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi. Gumonlanuvchi hibsga olindi.