Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahriga tashrifi doirasida Ipak yo‘li fondi raisi Chju Szyun bilan uchrashdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Fond 2014-yilda Xitoy raisi Si Szinpin tashabbusi bilan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Chju Szyun va Shavkat Mirziyoyev.Chju Szyun va Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani rivojlantirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun fond bilan birgalikda yaratilgan investitsiya platformasi imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev SANY kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Syan Venboni qabul qildi.

SANY shamol turbinalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi 10 ta kompaniyasi qatoriga kiradi. U shamol energetikasi qurilmalarini ishlab chiqarish va sotishga, shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish, ishlatish va boshqarishga ixtisoslashgan.

Uchrashuvda prezident kompaniyaning Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish, shamol turbinalarining butlovchi qismlarini, qurilish va og‘ir yuk texnikasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Davlat rahbari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish topshirig‘ini berdi.

Prezident CSG kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Men Chjenpin bilan ham uchrashdi.

Men Chjenpin va Shavkat Mirziyoyev.Men Chjenpin va Shavkat Mirziyoyev.

Bu Xitoyning elektr tarmoqlari sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. CSG tarmoqlarni qurish va boshqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 60 milliard dollarni tashkil etadi.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Xitoy kompaniyasi ishtirokida loyihalashtirish va injiniring bo‘yicha zamonaviy tizimlarni, energetik xavfsizlikni ta’minlash va energiya tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha standartlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratildi.