Afrika terrorizmning global epitsentriga aylanib qoldi, ISHID, “Al-Qoida” kabi guruhlar va ularning bo‘linmalari mahalliy mojarolardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

“Bir necha qisqa yil ichida Afrika terrorizmning global markaziga aylanib ulgurdi. Bu jahannam kengayib bormoqda va millionlab afrikaliklarni qamrab olmoqda”, — dedi u BMTning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha global kelishuvi yig‘ilishida.

Guterrishning ta’kidlashicha, terroristik tahdid Somali, Kongo Demokratik Respublikasi, Mozambik va butun Sahel zonasida (Afrikadagi mintaqa) faolligicha qolmoqda.

“Xavf tezlik bilan Benin va Togo kabi sohilbo‘yi mamlakatlariga tarqalmoqda. Xavotirli tendensiya aniq ko‘rinib turibdi… Har qanday holatda ham eng katta zararni aholi, yakunda esa butun insoniyat ko‘radi”, — deya ta’kidladi BMT rahbari.

Guterrish jahon hamjamiyatini “jahannamga qarshi u nazorat ostidan chiqib ketmay turib, hozir kurashishga” chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorizmga qarshi kurashda asosiy e’tibor barqaror, inklyuziv rivojlanish va inson huquqlariga qaratilishi kerak.

“Izolyatsiya, tengsizlik, maktab ta’limi huquqining cheklangani, ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarining yo‘qligi, hukumatga, institutlarga va qonun ustuvorligiga ishonchning yo‘qolishi, inson huquqlarining buzilishi va jazoning muqarrar emasligi — bu holatlar birgalikda terrorizmning tarqalishiga yordam beradi. Biz bu ayovsiz dumaloq doirani tugatishimiz kerak”, — dedi BMT rahbari.

Guterrish, shuningdek, Afrika “potensialga to‘la qit’a” ekanini, ammo bu potensialni faqat terrorizmni yengish orqali realizatsiya qilish mumkinligini qo‘shimcha qildi.