Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Gazeta.uz” maqolasidan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi bir korxona ta’sischilari ishtirokida 435 mln so‘mlik tender o‘tkazgani masalasini o‘rgandi. Bu haqda Agentlik matbuot kotibi Sherzod Saparov ma’lum qildi.

O‘rganishda xarid jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 42- (Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) va 46-moddalari (Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborilgan. Agentlik ushbu masala natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini qo‘shimcha qilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z ehtiyojlari hamda tibbiyot forumlariga tashrif buyuradigan mehmonlarga sovg‘a qilish uchun kundalik, bloknot, ruchka, papka, qog‘oz paket, fleshka, kanselyariya to‘plami va boshqalarni xarid qilgani, 435 mln 700 ming so‘mlik tenderda qatnashgan ikki tadbirkor ham bir korxonaga birgalikda egalik qilishi haqida yozgandi.

Xarid komissiyasi protokoliga ko‘ra, may oyida o‘tkazilgan tenderda ikkita ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, ulardan birinchisi Bresso mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Mazkur jamiyatning barcha ulushi Jaloliddinov Xusomiddin Xusniddin o‘g‘liga tegishli. Kompaniyaning ustav fondi 2 mlrd 245 mln 850 ming so‘m bo‘lib, amalga oshirayotgan faoliyat turi sifatida soatlar va ulgurji buyumlar savdosi ko‘rsatilgan. Ikkinchi ishtirokchi esa yakka tartibdagi tadbirkor Mirshavkatov Mira’zam Anvar o‘g‘li bo‘lgan.

Orginfo.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, ularning ikkisi ham kamida 2023-yil 10-iyulgacha Apriori Trade MCHJ ta’sischilari hisoblangan. Hozirga kelib esa mazkur korxona ulushi Jaloliddinov Xusomiddin Xusniddin o‘g‘liga to‘liqligicha o‘tganini ko‘rish mumkin.

Tenderda ishtirokchilarni manfaatlar to‘qnashuvi mezoni bo‘yicha baholashda xarid komissiyasi ularning har ikkisiga 5 balldan 1 ball qo‘ygan. Lekin, shunga qaramay, tender o‘tkazilgan deb topilgan.