23-yanvar kuni Pekindagi Xitoy milliy san’at va hunarmandchilik muzeyi — Xitoy nomoddiy madaniy merosi muzeyida O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ma’lum qildi. Aynan shu kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoyga yetib borgandi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ikki mamlakat madaniyat vazirlari, badiiy akademiyalar rahbarlari, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning zamonaviy rassomlari: Akmal Nur, Shaxnoz Abdullayeva, Fayzullo Axmadaliyev, Ibragim Valixo‘jayev, Xurshid Ziyaxonov, Baxtiyar Maxkamov, Mirvohid Mirsaidov, Timur Rahmetov, Umid Rajabov, Tatyana Fadeyeva, G‘anisher Xaydarova, Alisher Xamdamovning rassomlik asarlari namoyish etilmoqda.

“Ko‘rgazmaga qo‘yilgan so‘nggi o‘n yillikda yaratilgan 50 ta kartina o‘zbek rassomlarining keng ko‘lamli ijodiy intilishlarini, zamonaviy tasviriy san’atda ro‘y berayotgan muttasil yangilanib borayotgan ijodiy jarayonni aks ettiradi”, — deyiladi xabarda.

Xalq amaliy san’ati bo‘limida zamonaviy o‘zbek hunarmandlarining buyumlari namoyish etilgan. Toshkentlik hunarmandlarning yog‘och o‘ymakorligi namunalari va rasmlari, kashtachilik mahsulotlari, xususan, Toshkent, Samarqand va Buxoro hunarmandlarinin so‘zanalari, Marg‘ilondan qo‘lda to‘qilgan abr matolari, Rishton va G‘ijduvonning naqshinkor buyumlar va miniatyuralari, kulolchilik buyumlari shular jumlasidandir.

Ko‘rgazma 28-yanvarga qadar davom etadi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov Pekin shahrida Xitoy xalqaro madaniy muloqot markazi hamda Xitoy milliy san’at va hunarmandchilik muzeyi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Ular eksponatlar almashinuvi, ko‘rgazmalar birgalikda o‘tkazishda bo‘yicha hamkorlik qilish, muzey xodimlari o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy va o‘quv materiallari sohasida, shuningdek, ko‘rgazma va nashriyot sohasida hamkorlik qilishni nazarda tutadi.