Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Xalq yig‘inlari uyida o‘tgan uchrashuvda avvalo savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, 2023-yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord ko‘rsatkich — 14 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkichni, shu jumladan, yuqori sifatli sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

ли цян, хитой, шавкат мирзиёев

Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari ko‘rib chiqildi.

22-yanvar kuni Urumchi shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasi natijalari yuqori baholandi.

ли цян, хитой, шавкат мирзиёев

Xitoyda shu kunlarda ta’lim forumi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Yakunda Mirziyoyev XXR bosh vazirini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Xitoyning “Jenmin jibao” gazetasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilingani haqida yozgandi. U yangi yilda ilk tashrifini Xitoyga amalga oshirayotgani chuqur ramziy ma’noga egaligi va munosabatlar “o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni” boshdan kechirayotganini qayd etgan.