Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy jarohat va ruhiy-psixologik oqibatlarga olib keladigan qo‘pol muomala yoki zo‘ravonlik holatlari bilan mutlaqo murosa qilmaslik kerakligini aytdi.

Chorshanba kuni internetda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 255-sonli bolalar bog‘chasining tarbiyachisi bolaga shippak uloqtirib, labini shikastlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bolaning onasi bog‘cha mudirasi tarbiyachiga nisbatan hech qanday chora ko‘rmaganini bildirdi. Surayyo Rahmonova vaziyatni ichki ishlar organlari bilan birgalikda o‘rganayotganini aytdi.

“Tarbiyachi va pedagoglar o‘zining birlamchi vazifasi, ya’ni bolaga ta’lim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazishi — yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat”, — deyiladi munosabatda.

“Maktabgacha ta’lim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart”, — deb yozdi bolalar ombudsmani.

“Javobgarlik choralari bolaning ota-onasi e’tiroz bildirishi yoki bildirmasligidan qat’iy nazar qo‘llanilishi zarur. Zero, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zo‘ravonlik holatining javobsiz qolishi nafaqat bunday noma’qul amaliyotni davom etishiga, balki farzandlarimiz ko‘zida kattalarga bo‘lgan ishonchni yo‘qolishiga olib keladi”, — ta’kidladi Surayyo Rahmonova.