Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) bosh qarorgohida bank prezidenti Szin Litsyun bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mazkur xalqaro moliya instituti bilan strategik sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi, birgina 2023-yilda jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetdi.

OIIB ishtirokida O‘zbekistonda energetika, suv ta’minoti, avtomobil va temiryo‘llarni rekonstruksiya qilish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Uchrashuvda ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 2026-yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik muhim infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Bank boshqaruvchilari kengashining joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida bo‘lajak yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.