Toshkent havosining ifloslanib borayotgani OAV va jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ekologiya vazirligi poytaxtda havoni muhofaza qilish bo‘yicha bir qancha choralarni taklif qildi. Ular orasida Ai-80 benzinini taqiqlash ham bor. “Gazeta.uz” bu taklif bo‘yicha haydovchilar fikriga qiziqdi.

Toshkentdagi bir qancha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘nga yaqin haydovchiga qator savollar bilan murojaat qilindi. Xususan, ularning poytaxt havosining ifloslanayotganiga hamda Ai-80 benzinidan voz kechish taklifiga nisbatan munosabati so‘raldi.

So‘rovnoma qatnashchilarining aksariyati Ai-80 benzinidan foydalanishi va undan voz kecha olmasligini aytdi.

“Faqat Ai-80`dan voz kechilsa, havo toza bo‘lib qolmasa kerak, to‘g‘rimi? Boshqa benzinlar yoki gazlar sababli havo iflos bo‘lmaydimi? Ai-80 taqiqlansa, boshqa benzinlar narxini tushirib qo‘yishadimi? Mantiqqa to‘g‘ri keladigan ish qilsak, yaxshi bo‘lardi”, — deydi haydovchilardan biri.

Boshqa bir haydovchining aytishicha, qolgan benzinlarning narxi sezilarli ravishda pasaytirib qo‘yilsa, ulardan foydalanish mumkin.

“Lekin hozir biz Ai-80 deb olayotgan benzin, bu 80 emas. Standartlarga to‘g‘ri keladigan Ai-80 hech qayerda sotilayotgani yo‘q. Bu haqda qancha blogerlar ham chiqishlar qilib, videolar tayyorladi. Ammo bu masalani nazorat qiladigan odam yo‘q. Ai-80`ni Ai-92 deb sotishsa, Ai-80 deb sotishayotgani asli Ai-80 bo‘lmasa, nima qilish kerak? Xullas, gap ko‘p-da”, — deya shikoyat qildi u.

“Oddiy xalqni ham o‘ylash kerak, ko‘pchilik shu benzindan foydalanadi”, — dedi yana bir avtoulov boshqaruvchisi.

“Qolgan benzinlarni ishlataylik desak, ularning narxi qimmat. Ai-80 ayni paytda xalqqa qulay bo‘lib turibdi. Agar u taqiqlansa, xalq qiynalib qoladi, deb o‘ylayman. Ai-80 benzinidan asosan taksi haydovchilari foydalanadi va ko‘pchilik shu orqali tirikchilik qiladi. Chunki ishlay desa, ish yo‘q, ishsiz”, — deya fikr bildirdi yana bir haydovchi.

“Ai-80`dan voz kechishga tayyor emasman. Agar undan voz kechsak, tirikchiligimiz qolib ketadi”, — dedi haydovchilardan biri.

Respondentlarning ko‘pchiligi Ai-80 benzinidan voz kechish yoxud taqiqlangan taqdirda ham, boshqa benzinlarning narxini tushirmaslik ishsizlar soni ortishiga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, so‘rovnoma davomida haydovchilar o‘zlari boshqarayotgan transport vositasi Toshkent havosining ifloslanishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotgani, toza havodan nafas olish uchun qanday amaliy ishlar qilish zarurligi haqida ham fikr bildirdi.