Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev (1974-yilda tug‘ilgan) jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudining 2023-yil 8-fevraldagi hukmiga muvofiq axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov. U sobiq hokim oqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Bugungi kunda A. Egamberdiyev unga sud hukmi bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari asosiy jazosini belgilangan tartibda probatsiya guruhi hisobida o‘tab kelmoqda”, — dedi Oliy sud vakili.

Sobiq mansabdor Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 229−4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida (Takroran, sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘lgan yeri berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.

Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Abdujabbor Egamberdiyev va uning himoyachisi tomonidan sudga o‘talmay qolgan mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi arizasi taqdim etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 18-yanvardagi ajrimi bilan A. Egamberdiyevning arizasi qanoatlantirilib, u faqatgina o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 16 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Avvalroq Abdujabbor Egamberdiyevning sudlangani haqida xabar berilmagandi. U 2022-yil sentabrida prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan lavozimidan ozod etilgan. Ma’lum qilinishicha, bunday qarorga “davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklar” sabab bo‘lgan.

Bungacha tuman hokimligi matbuot xizmati qabulxonalarda hokim va boshqa hokimlik vakillari ayvonda o‘tirgani, aholi ulardan bir necha metr narida, bir daraja pastda turgan yoki o‘tirgani suratlarini e’lon qilgandi. Hokimlik xabarlarida ta’kidlanishicha, qabullar “inson qadr-qimmati yo‘lida” tamoyili asosida tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari suratlarga izoh berib, hokimni “xon” deya atashgan.

Ma’lumot uchun, Abdujabbor Egamberdiyev 2021-yilning fevral oyida Andijon tumani hokimi lavozimiga kelgandi. U bungacha Bo‘z tumani, Ulug‘nor tumani, Qo‘rg‘ontepa tumani va Andijon shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i, shuningdek, Andijon viloyati hokimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan.