23-yanvar kuni ertalab Rossiya Ukraina shaharlari, jumladan, Kiyevga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Soat 8:45 holatiga ko‘ra, besh kishi halok bo‘ldi, kamida 60 kishi yaralandi, dedi mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenko.

Umuman olganda, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qanotli, ballistik, aviatsiya va zenit raketalaridan foydalangan holda 41 ta raketa zarbasi berdi, deya aniqlik kiritdi mamlakat Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi. Ukraina havo hujumidan mudofaa vositalari ulardan 21 tasini yo‘q qildi. Hisobotda aytilishicha, ballistik trayektoriya bo‘ylab uchirilgan Rossiya raketalarining hammasi ham nishonga yetib bormagan.

Kiyevda hujum oqibatida Svyatoshinskiy, Solomenskiy va Pecherskiy tumanlarida yong‘inlar sodir bo‘ldi. Avtomobillar, turar joy binolari va noturar binolarga zarar yetgan. Shahar meri Vitaliy Klichko 20 nafar jarohatlanganlar haqida ma’lumot berdi, ulardan 13 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Kiyev viloyatining Buchanskiy tumanida uch kishi jabrlandi. Ikkita ko‘p qavatli uy, xususiy uy, xo‘jalik inshootlari va avtomobillarga zarar yetgan.

Xarkovda raketalar ikki ko‘p qavatli turar joy binosiga tegdi. Uylardan birining kirish qismi butunlay vayron bo‘lgan. Viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubov shaharda to‘rt kishi halok bo‘lgani, yana 42 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola yaralangani haqida xabar berdi. Qutqaruv va qidiruv ishlari davom etmoqda.

Dnepropetrovsk viloyatining Pavlograd shahrida o‘qqa tutilish oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi yaralandi. Sakkizta ko‘p qavatli uy, ikkita maktab va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi.

Rossiya Ukrainaga yangi raketa hujumi uyushtirilgani haqidagi xabarlarga izoh bermadi.