O‘zbekistonda 2023-yilda aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi 102,4 foizni tashkil etdi va 2022-yildagi 107,3 foizga nisbatan sekinlashdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida ma’lumot berilgan.

Aholining umumiy daromadlari doimiy yoki takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan pul va natura shaklidagi tushumlardan tashkil topadi.

Agentlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil yakuni bo‘yicha aholining umumiy daromadlari 728,8 trln so‘mni tashkil etgan. Umumiy daromadlarning nominal o‘sishi 115 foizni tashkil etgan bo‘lsa, real o‘sish sur’ati 104,6 foiz bo‘lgan.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlar 20 mln so‘mни tashkil etdi va ko‘rsatkichning nominal o‘sishi 112,6 foiz, real o‘sishi esa 102,4 foiz darajasida bo‘ldi (2022-yilda 107,3 foiz bo‘lgan). 2023-yilda aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida (44 mln 427 ming 900 so‘m) va Navoiy (31 mln 445 ming 600 so‘m), Buxoro (23 mln 480 ming 300 so‘m), Toshkent (20 mln 730 ming 200 so‘m) hamda Xorazm (20 mln 76 ming 600 so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Infografika: Statistika agentligiInfografika: Statistika agentligi

Eng quyi ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (14 mln 570 ming so‘m), Namangan (15 mln 070,6 ming so‘m) va Farg‘ona viloyatlarida (15 mln 716 ming 500 so‘m) qayd etildi.

Hududlar bo‘yicha aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (7,6 foiz), Navoiy (5,7 foiz), Sirdaryo (4,4 foiz), Andijon (4,4 foiz) va Jizzax (4,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Xorazm (-6,4 foiz), Surxondaryo (-0,8 foiz), Samarqand (-0,5 foiz), Buxoro (-0,4 foiz), Namangan (-0,3 foiz) viloyatlarida jon boshiga umumiy daromadlar real ko‘rsatkichi pasaygan.

aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi, umumiy daromadlar