Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev boshchiligidagi delegatsiya 19−20-yanvar kunlari Ugandaning Kampala shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan, shuningdek, global miqyosda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda harakatning mavjud salohiyatidan foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda harakatning barcha a’zolari 2027−2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakati raisligiga O‘zbekiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Delegatsiya buning uchun ularga minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarni O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot bergan.

TIV rahbari o‘rinbosari Bahromjon A’loyev o‘z nutqida xalqaro transport tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish, iqtisodiy va moliyaviy tizimlarni takomillashtirish bo‘yicha harakat doirasida yaqin hamkorlikni tashkil etish zarurligini ta’kidlagan.

“Mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha tashabbuslarni ishlab chiqish, tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarga tayyorlikni kuchaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni safarbar etish muhimligi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Tadbirda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan, davlat, hukumat, tashqi ishlar idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, Qo‘shilmaslik harakati harbiy-siyosiy bloklar va tashkilotlarda ishtirok etmaslikni hamda hamkorlikni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining prinsip va maqsadlari asosida rivojlantirishni o‘z tashqi siyosatining asosi etib e’lon qilgan 120 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan eng yirik xalqaro tuzilmalardan biri hisoblanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qo‘shilmaslik harakati sammitidagi nutqida tashkilot a’zolarining BMT Xavfsizlik kengashida doimiy o‘rni bo‘lishi kerakligi haqida gapirgandi.