O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti jamoasi tomonidan ikki yil davomida yaratilgan Jadidlar.uz platformasining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Bu platforma Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga ko‘ra, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo boshchiligida 2021−2023-yillar mobaynida tayyorlandi. Loyihani yaratishga ikki yil uchun 1 mlrd so‘m grant mablag‘i ajratilgan.

Institut direktori o‘rinbosari Dilnoza Jamolovaning aytishicha, Jadidlar.uz platformasiga 250 ga yaqin jadid turmushi, faoliyati va merosiga oid ma’lumotlar, hujjatlar va asarlar kiritilgan.

“Ushbu platforma orqali aholiga, ayniqsa, yoshlarga o‘zbek xalqi va davlatchiligida muhim bir jarayon hisoblangan, Rossiya imperiyasiga qarshi milliy ozodlik kurashi g‘oyalari asoschilari bo‘lgan jadidlarning ibratli hayot yo‘li hamda ularning ilmiy merosini yetkazish maqsad qilingan”, — dedi u.

“Bu platforma daromad keltiradigan emas, balki xalqimizga ma’naviy ozuqa beradigan loyiha hisoblanadi. Institut jamoasi ko‘ngilli sifatida maosh olmasdan platformani rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Dilnoza Jamolova.

Ma’lum qilinishicha, platformaga jadidlarga oid 174 ta asar, ularning 1000 dan ortiq maqolasi, 120 ga yaqin she’ri hamda 500 ga yaqin hikmatli so‘zlari kiritilgan. Bundan tashqari, jadidchilikni o‘rganuvchi manbalar sifatida 200 dan ortiq suratlar, 38 ta eshituv, 20 ga yaqin ko‘ruv va 73 ta arxiv yig‘ma jildlar ham platformadan o‘rin olgan. Jadidchilikka oid tadqiqotlar sifatida 95 ta asar, 223 ta maqola, 37 ta dissertatsiya va 9 ta xotira asar yuklangan.

“Bugungi kunda ham mazkur loyiha ustida ishlanyapti, uni rivojlantirishga va portal darajasiga yetkazishga harakat qilyapmiz. Ushbu elektron fond jadidlarga oid yangi ma’lumotlar bilan doimiy to‘ldirib boriladi”, — dedi Dilnoza Jamolova.

Institut bosh ilmiy xodimi Muhayyo Isoqovaning so‘zlariga ko‘ra, shu paytga qadar aholi 30 ga yaqin jadid haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, mazkur platforma orqali harakatning 250 ga yaqin a’zosi haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

“Platformani yaratish davrida ommaga ma’lum bo‘lgan, ya’ni juda ham ko‘p tilga olingan va odamlarning qulog‘iga ismi ko‘p chalingan jadidlar soni 30 dan ortmasligini aniqladik. Mana shu 30 nafar shaxs atrofida jadidchilik mavzusi va masalasi haqida juda ko‘p gapirganmiz. Biz ikki yil ichida ancha izlanib, 300 nafarga yaqin jadid haqida ma’lumot topishga erishdik va ularning 250 nafarini platformaga joyladik. Qolganlarini yaqin orada elektron fondga kiritamiz”, — dedi institut vakili.

Platforma hozirda test rejimida ishlamoqda.