22-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar bilan tanishgan Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” davlat muassasasi loyiha ofisini tashkil qilish bo‘yicha taklifni ma’qulladi.

Loyiha ofisining vazifalari:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;
  • tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish,
  • kadrlar salohiyatini oshirish;
  • tibbiy ta’lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish kabi yo‘nalishlardan iborat.

Bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.

SSV rahbari Asilbek Xudayarov. Foto: Prezident matbuot xizmatiSSV rahbari Asilbek Xudayarov. Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyiha ofisida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida ishlashi mumkin.

Sog‘liqni saqlash sohasida yetuk kadrlar masalasini hal qilish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlari ochiladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar bilimi xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholanadi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Joriy yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.

Prezident takliflarni ma’qullab, uni bajarish uchun “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berdi.