Yagona umumrespublika protsessing markazi Uzcard tizimi faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

Foydalanuvchilarning xabar berishicha, mobil ilovalarda Uzcard orqali to‘lovlar ishlamayapti, kartadagi mablag‘lar qoldig‘i esa ko‘rinmayapti.

Kompaniya 22-yanvar kuni soat 00:30 dan 10:00 gacha texnik va profilaktika ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Dastlab ish soat 3:30 ga qadar yakunlanishi kutilayotgandi. Keyinchalik kompaniya bu vaqtni 9:00 gacha uzaytirgandi.

“Yagona umumrespublika protsessing markazi texnik va profilaktik ishlar olib borilishi sababli ATM, E-POS, POS-terminallarda aloqa ulanishida qisqa muddatli uzilishlar, Uzcard infratuzilmasida xalqaro to‘lov tizimlari kartalariga hamda xorijda kobeyj kartalariga xizmat ko‘rsatilishida uzilishlar ehtimoli haqida ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda.

To‘ldirish

Uzcard soat 10:00 da profilaktika ishlari yakunlangani haqida xabar berdi.

“Barcha protsessing servislari odatdagidek ishlamoqda, mobil ilovalar faoliyati hamda Uzcard kartalari bilan barcha operatsiyalar to‘liq tiklandi”, — deyiladi tizim ma’lumotida.