O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 22-yanvar kuni 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinoarboblar ijodiy uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari va butun ijod ahliga chuqur hamdardlik izhor qiladi”, — deyiladi xabarda.

Turg‘un Azizov 1934-yil 30-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956-yilda sobiq O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. 33 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan. Shuningdek, marhum “Mehnat shuhrati” (2001-yil) hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” (2003-yil) ordenlari sohibi ham hisoblanadi.

Faoliyati davomida “Maftuningman”, “Odamlar orasida yolg‘iz”, “Hayot tunda o‘tib ketdi”, “Olovli yo‘llar”, “Qabrdan qaytgan umr”, “Nodirabegim” kabi ko‘plab filmlarda rollar ijro etgan. Teatr sahnasida esa aktyorlik bilan bir qatorda 15 dan ortiq spektakllarni rejissyor sifatida sahnalashtirgan.