22-yanvar, dushanba kuni soat 23:13 da Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarida zilzila sezildi. Poytaxt aholisining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, tebranishlar yuqori qavatlarda 30−40 soniya davomida sezilgan.

Seysmoprognostik monitoring respublika markazi zilzila epitsentri Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradosh Oqsu tumanida bo‘lganini ma’lum qildi.

Epitsentrdagi zilzila magnitudasi — 7. Chuqurligi esa 15 kilometrni tashkil qilgan. Zilzila epitsentridan Toshkentgacha bo‘lgan masofa — janubi-sharqiy yo‘nalishda 862 kilometr.

Toshkent shahrida zilzila kuchi 3 ball, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida (zilzila epitsentridan 600−650 kilometr uzoqlikda) esa 3−4 ballni tashkil etgan.