O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkovaga Yekaterinburgda mehnat migrantlarining kamsitilgani yuzasidan murojaat yubordi. Bu haqda 22-yanvar kuni parlamentning inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatda Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha so‘rov o‘rin olgan.

17-yanvar kuni Yekaterinburgning Jeleznodorojniy tumani prokuraturasi, “FSB"ning Sverdlovsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat migratsiya boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligining Yekaterinburg bo‘yicha departamenti xodimlari Rossiya gvardiyasi xodimlarining qurolli ko‘magida qurilish maydonchalaridan birida reyd o‘tkazgan.

Hammasi bo‘lib 150 kishi tekshirilgan. Ulardan sakkiz nafari migratsiya qonunchiligini buzgan va deportatsiya qilinadi. Harbiy xizmatda ro‘yxatdan o‘tmagan to‘rt kishiga (bir qator manbalarga ko‘ra, ularda Rossiya fuqaroligi bo‘lgan) chaqiruv qog‘ozi berilgan.

Internetdagi fotosuratlar va videolardan ko‘rish mumkinki, xavfsizlik kuchlari mehnat muhojirlarini qor bilan qoplangan qurilish maydonchasi bo‘ylab o‘rdaksimon harakatlanishga majburlagan.

Migrantlarning qanchasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. U yerda Qirg‘iziston va balki boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bo‘lgani ma’lum.

Sverdlovsk viloyati ombudsmani Tatyana Merzlyakova URA.RU`ga bergan intervyusida vaziyatni o‘rganayotganini aytgan. “Bunday holat yuz berganiga ishonish qiyin”, — degan u va Yekaterinburg uchun bu kabi voqealar odatiy emasligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston ombudsmani ofisi xabarida aytilishicha, 2023-yilda Feruza Eshmatova Rossiyaga tashrif buyurib, u yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashgan.

“Hamyurtlarimiz fikrlari asosida O‘zbekiston va Rossiya ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, murojaatlarni birgalikda ko‘rib chiqish, jumladan, Rossiya Federatsiyasi xududida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ishlanadi”, — deyiladi xabarda.

Bundan avval ham ombudsman Krasnodarda o‘zbekistonlik migrantlarning ish joylarida o‘tkazilgan reydlar bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirgan edi. Rossiya ombudsmani migrantlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha monitoringlar o‘tkazayotganini ma’lum qilgan, deya ta’kidlagan ombudsman idorasi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ish qo‘zg‘atdi

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 20-yanvar kuni respublikaning Yekaterinburgdagi bosh konsulxonasi politsiya, chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazi va qurilish obyektlariga borgani haqida xabar berdi.

“Yekaterinburgdagi uchta qurilish obyektida 150 nafar xorijlik, jumladan, 40 nafar Qirg‘iziston fuqarosining hujjatlari tekshirilgani aniqlandi. Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan migratsiya qonunchiligini buzish holatlari aniqlanmagan”, — deyiladi xabarda.

Mamlakat TIV xabariga ko‘ra, o‘rdaksimon yurishga majbur bo‘lgan migrantlardan uch nafari qirg‘izistonlik bo‘lgan.

Qirg‘iziston fuqarolarining aytishicha, “tekshiruv tadbirlari davomida qo‘shni davlat fuqarolari bino qavatlari bo‘ylab qochib ketgan va huquq-tartibot xodimlaridan yashirinishga uringan”. Natijada politsiya “qochib ketganlarni qo‘lga olish, shuningdek, tekshirilayotganlarning erkin harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rgan”.

Qirg‘iziston Bosh konsulxonasi “huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning qadr-qimmatini kamsituvchi usullardan foydalanishning qonuniyligini tekshirishni tashkil etish” choralarini ko‘rmoqda, — deyiladi qo‘shni davlat TIV xabarida.

“Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu fakt bo‘yicha Qirg‘izistondan ishlayotgan fuqarolarga nisbatan bunday xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida Rossiya Federatsiyasining federal organlari darajasida ish qo‘zg‘atmoqda”, — deyiladi xabarda.