Uralsk-Atirau trassasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida uch kishi — O‘zbekistondan bo‘lgan bir oila halok bo‘ldi. Yana bir bola kasalxonaga yotqizildi, deb xabar berdi Nur.kz G‘arbiy Qozog‘iston politsiya departamentiga tayanib.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, YTH 20-yanvar kuni soat 17:00 da Uralsk-Atirau trassasida, Oqjayiq tumani Samal qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. “Mazda avtomashinasining 1983-yilda tug‘ilgan haydovchisi, O‘zbekiston fuqarosi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, rulda uxlab qolgan va qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan, so‘ng DAF yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan”, — deyiladi xabarda.

Haydovchi va avtomobilning ikki yo‘lovchisi — 1984-yilda tug‘ilgan ayol va 2012-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan. 2009-yilda tug‘ilgan yana bir bola kasalxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, bir oila a’zolari sanaladi. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan.