Rossiyalik jurnalist, prodyuser, “Gazprom-media” bosh direktori o‘rinbosari Tina Kandelakiga Qozog‘istonga kirish taqiqlanadi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu borada zarur choralarni ko‘rmoqda, deya vazirlik vakili Aybek Smadiyarov so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Orda.

“Bizdan [mamlakatga kirishi taqiqlanganlar] ro‘yxatini bugun yoki ertaga [taqdim etishni] so‘ramang. Davlat buni hech qachon kechirmaydi. Katta ehtimol bilan [Qozog‘istonga] kelishni istamaydi, lekin kelgan taqdirda ham, uni kiritishmaydi”, — deya izoh bergan Smadiyarov.

Rossiyalik prodyuserning Qozog‘istonga kirishi taqiqlanishi quyidagi vaziyatdan keyin yuz berdi.

Kontekst

Tina Kandelaki 16-yanvar kuni o‘zining Telegram kanalida Qozog‘istonda asta-sekin, lekin ishonch bilan rus tilini “davlat darajasida siqib chiqarish” davom etayotgani haqida post qoldirdi.

Bu post mamlakat Transport vazirligi bir nechta temiryo‘l stansiyasi nomini o‘zgartirayotganiga javoban yozilgan. Kandelaki Qozog‘istonda ruscha nomlarni qozoqcha bilan almashtirishmoqchi ekanini (Uzen — Jaңaөzen, Uralsk — Oral) ta’kidlab, bu “Boltiqbo‘yi tajribasi ko‘rsatganidek” juda xavfli tendensiya ekanini aytgan.

“U yerda ham hamma narsa kichkina o‘zgarishlardan boshlandi, keyin esa haqiqiy qor to‘piga aylandi: rus maktablari yopildi, sovet yodgorliklari olib tashlandi, rus tili taqiqlandi, va nihoyat, pensionerlar sovuqqa haydaldi. Tarixda o‘z o‘rnini qo‘llab-quvvatlash bahonasida uzoqqa ketib qolish hech gap emas, ayniqsa, bunday shubhali qarorlarni ilgari surish uchun tarix ortiga berkinish qulay”, — deb yozgandi u.

Kandelakining bu posti qozoq pabliklarida keskin tanqidga uchradi. Xususan, uning nomiga boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kerakligi haqidagi fikrlar bildirildi.

Bir kun o‘tib, Kandelaki uning postiga bo‘lgan munosabatlar haqida yana post yozdi va kechagi postiga Qozog‘iston vakillarining munosabatini qiziqish va qayg‘u bilan kuzatayotganini ta’kidlab, postida manqurt so‘zini ishlatdi.

“Qichqiriq, shovqin, o‘zimni yig‘ishtirib olishim haqida maslahat — ko‘p narsa, lekin hammasi — eski gaplar. Bularning barchasi avval ham kuzatilgan. Hurmatli qozoqlar, sizda oddiy, ammo keng qamrovli bo‘lgan „mәңgu“ tushunchasi. Bu tushunchadan xotirasini, o‘zligini, ba’zan aqlini yo‘qotgan odam — manqurt obrazi kelib chiqadi. O‘zini va sodir bo‘lgan narsalarning hech birini eslamaslik, tarixning barcha ko‘rinishlaridan, shu jumladan, tarixiy nomlardan voz kechish nafaqat savodsizlik, balki xavfli faoliyatdir. Avvalo, Yer yuzida yashaydigan va kosmosda uchmaydiganlar uchun”, — deb yozdi u.

“O‘tmishni eslamaslik — „Borat“ filmini olqishlashdir. Qozog‘istondan boshqa kim uni taqiqladi? Rossiya va Fors ko‘rfazi mamlakatlari. G‘arbning ma’rifatli elflari haqida nima deyish mumkin? Ular bunga tupirdi. Ular uchun qozoqlar kimlar? Filmdagi javob aniq”, — deya qo‘shimcha qildi Kandelaki.

Shuningdek, Kandelaki o‘z postida yanvar voqealaridan keyin KXSHT qo‘shinlari Qozog‘istonga kiritilganini ham eslagan.

“O‘tmishni eslamaslik, ikki yil avval Qozog‘iston davlati yo‘q bo‘lib ketishiga oz qolganini ham eslamaslikdir. Qaysi biri yaxshiroq — yonayotgan shaharlarmi yoki yordamga kelgan qo‘shnilarmi? O‘tmishni eslamaslik — internetdagi olifta kiyinib, bir narsani aytib, boshqa ishni qiladigan odamlarga o‘xshab kulgili ko‘rinish. Qozoq nomlari, deysizmi? Ostonadagi Sharl de Goll ko‘chasidagi Monako mehmonxonasi haqida gapiryapsizmi? Nega Kunanbayev yoki Xo‘ja Yassaviy ko‘chasi emas? Va nega „Monako“ qozoqlarning tarixiy hududi? Kamroq g‘azab, ko‘proq aql. Shunda Amerika OAVga Boratning hazillari sizga yoqqanini tushuntirishingizga hojat qolmaydi. Hech bo‘lmaganda, hali yoningizda Rossiya bor”, — deya postini yakunlangan Kandelaki.