O‘zbekistonning yangi elchisi Fariddin Nasriyev Eron prezidenti Ibrohim Raisiyga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Suhbat chog‘ida Eron prezidenti so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar sohalarida har tomonlama izchil rivojlanib, yangi darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi, deyiladi xabarda.

Ibrohim Raisiy O‘zbekiston elchisiga faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Fariddin Nasriyev 1981-yilda tug‘ilgan. Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat yuridik institutini (hozir universitet) tamomlagan.

Foto: “Dunyo” AAFoto: “Dunyo” AA

Mehnat faoliyati davomida 1999-yilda bank tizimida, 2003-yildan Tashqi ishlar vazirligining turli tuzilmalarida, jumladan Belgiya va NATOdagi diplomatik vakolatxonalarda ishlagan. Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida 3-kotiblikdan direktor o‘rinbosarigacha bo‘lgan pog‘onani bosib o‘tgan.

Fariddin Nasriyev 2018−2023-yillarda O‘zbekistonning Qozon shahridagi (Rossiya) bosh konsulligini boshqargan. U 2015−2023-yillarda Tehrondagi elchi lavozimida ishlagan Bahodir Abdullayev o‘rnini egallagan.

21-dekabr kuni O‘zbekistonning yangi favqulodda va muxtor elchisi Fariddin Nasriyev Eron poytaxti Tehronga borgandi.