Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets 22-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Osiyo Kubogi guruh bosqichi 3-tur uchrashuvlari doirasida Avstraliyaga qarshi kechadigan o‘yin haqida gapirdi. O‘yin 23-yanvar (seshanba) kuni soat 16:30 da bo‘lib o‘tadi.

U futbolchilar o‘z imkoniyatlaridan maksimal foydalanishiga umid bildirdi.

“Avstraliya dastlabki ikki o‘yinda turli uslubdagi jamoalarga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Raqib jarima maydonchasi yaqinida erkin harakat qildi. Biz buning oldini olishga harakat qilamiz. Avstraliya turli usullarda o‘ynay oladi. Ular juda yaxshi qurilgan, standart vaziyatlarda juda xavfli — burchak to‘plari, jarima zarbalari. Biz shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak… Lekin bu uchinchi o‘yin, ko‘ramiz, qaysi o‘ringa joylasharkinmiz, men uchun [bu o‘yin] alohida ahamiyat kasb etmaydi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarkibda bir qancha o‘zgarishlar rejalashtirilgan.

“Men futbolchilardan har doim so‘raydigan narsamni so‘rayman — professional bo‘lish. Biz ham boshqa jamoalar uchun qiyin raqib ekanimizni bilaman, futbolchilar ham bilishadi. Biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan holatda bo‘lishimiz kerak. Umid qilamanki, imkoniyatlarimizdan maksimal unumli foydalanamiz”, — deydi murabbiy.

Bosh murabbiy keyingi bosqichga chiqish masalasi hal qilinayotgan muhim uchrashuvlar oldidan futbolchilarga bosim o‘tkazmaslikka harakat qilishini aytdi.

“Mag‘lubiyatga uchragan taqdirimizda ham guruhdan chiqishga 90 foiz imkoniyatimiz bor. Avval ham aytganimdek, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, har doimgidek g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Men hech qachon futbolchilarimga g‘alaba qozonmasligimiz kerakligini aytmaganman”, — dedi u.

Yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov oldinda tartibli jamoaga qarshi qiziqarli o‘yin kutayotganini ta’kidladi

“Jamoamizdagi ichki muhit a’lo darajada, bunga avvalgi o‘yindagi g‘alaba ham yaxshi ta’sir qildi. Yaxshi natijaning ham, yomon natijaning ham har doim yakuni bor. Faqat statistika qoladi. Ertaga jamoamiz Avstraliyaga qarshi o‘yinlardagi golsiz va mag‘lubiyatli seriyaga barham berish uchun bor kuchini ishga soladi”, — dedi u.

“Bunday nufuzli turnirda ishtirok etish oldidan barcha kabi biz ham o‘z oldimizga yuqori maqsadni qo‘yganmiz. 90 daqiqa ichida istalgan narsa sodir bo‘lishi mumkin. Zamonaviy futbolda darajasi pastroq jamoalar kuchli jamoalar uchun katta muammoga aylanmoqda. Futbolchilarda durang o‘ynasak, keyingi bosqichda mana bu raqibga, g‘alaba qozonsak esa, bunisiga tushamiz, deb o‘ylashga vaqt ham, imkoniyat ham yo‘q. Barcha futbolchilar har bir o‘yinda bor kuchlarini berishadi”, — dedi Odiljon Hamrobekov.

Avstraliya terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Arnold hujumchi Mitchell Dyuk O‘zbekistonga qarshi o‘yinni jarohati tufayli o‘tkazib yuborishi, shu sababli asosiy tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi.

“Bizda keyingi jahon chempionatida ishtirok eta olmaydigan yoshi katta futbolchilar bor va men g‘alaba qozonishim kutilayotgan paytda ularga o‘rinbosar ham topishim kerak. Shunday ekan, tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi, lekin bu jamoa kuchiga ta’sir qilmaydi”, — dedi u.

Avstraliya allaqachon 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va 6 ochko bilan B guruhining kamida ikkinchi pog‘onasidan joy olishni kafolatlagan, O‘zbekiston esa 2 ochko kamroq natija bilan ikkinchi o‘rinda.

O‘zaro o‘yinlar

Avstraliya terma jamoasi 2015-yilda Osiyo Kubogida g‘alaba qozongan, jamoa 4 karra Okeaniya kubogi g‘olibi hisoblanadi. Jahon chempionatidagi eng yaxshi natijasi 1/8 finalga chiqish bo‘lib, bu holat 2006 va 2022-yillarda sodir bo‘lgan. Tarixdagi eng yaxshi to‘purari hujumchi Tim Keyxill bo‘lib, uning hisobida 50 ta gol bor. FIFA reytingida jamoa 25-o‘rinni egallab turibdi, eng yaxshi ko‘rsatkichi 2009-yilda qayd etilgan — 14-o‘rin.

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogidagi eng yaxshi natijasiga 2011-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan turnir yarim finaliga chiqqanida erishgan. Jamoa 1994-yilda Xirosimadagi Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqan. Milliy terma jamoaning eng yaxshi to‘purari Eldor Shomurodov — 36 ta gol urgan. FIFA reytingida jamoa 68-o‘rinni egallab turibdi, eng yuqori ko‘rsatkich 2007-yil boshida qo‘lga kiritilgan — 45-o‘rin.

Jamoalar o‘zaro bor-yo‘g‘i to‘rt marta o‘ynagan. Ikki marta Jahon chempionati saralash bosqichida va ikki marta Osiyo kubogi o‘yinlarida. Barchasida avstraliyaliklar g‘alaba qozongan. So‘nggi uchrashuv 2019-yilgi Osiyo Kubogining 1/8 finali doirasida bo‘lib o‘tgan, unda Avstraliya penaltilar seriyasi orqali g‘olib bo‘lgan. O‘zaro o‘yinlar statistikasi:

  • Osiyo kubogi. 21.01.2019, Avstraliya — O‘zbekiston — 0:0 (pen. 4:2);
  • Osiyo kubogi. 25.01.2011, O‘zbekiston — Avstraliya — 0:6;
  • Jahon chempionati saralashi. 04.01.2009, Avstraliya — O‘zbekiston — 2:0;
  • Jahon chempionati saralashi. 18.09.2008, O‘zbekiston — Avstraliya — 0 : 1.

Osiyo Kubogining 1/8 bosqichiga guruhlardagi eng kuchli ikkitadan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa yo‘l oladi. O‘zbekiston Avstraliyaga mag‘lub bo‘lsa va Suriya Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etsa, guruhda uchinchi o‘rinni egallashi mumkin. Boshqachasiga O‘zbekiston guruhdan birinchi yoki ikkinchi o‘rinda chiqadi.