Bryussel Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni G‘azo sektoridagi muammoni mustaqil Falastin davlatini tashkil etish orqali hal qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun Isroilga qarshi “oqibatlar” tayyorlashga chaqirmoqda, deb yozdi Financial Times (FT) Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan hujjatga tayanib.

Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi arafasida tarqatilgan hujjatda ittifoq a’zolaridan YeI tinchlik rejasida “ishtirok etish yoki ishtirok etmaslik oqibatlarini belgilash” so‘raladi.

YeIning rejada ko‘rsatilgan talabi “Isroil bilan yonma-yon tarzda, tinchlik va xavfsizlikda yashovchi, iqtisodiy hamkorligi va xavfsizligi butunlay normallashgan va sezilarli darajada o‘sadigan mustaqil Falastin"ni o‘z ichiga oladi.

FT gazetasining yozishicha, 22-yanvarga rejalashtirilgan uchrashuv Isroilning g‘arbiy ittifoqchilari G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlari soni ortib borayotgani sababli o‘z pozitsiyasidan xavotirga tushayotganini ko‘rsatmoqda.

YeIning Isroilga ta’siri AQShnikidan sezilarli darajada zaifroq bo‘lsa-da, ittifoq Tel-Avivni mintaqaning eng yirik iqtisodiy sherigiga aylantiruvchi savdo va sarmoyaviy imtiyozlar beradigan shartnomaga ega.

“Biz a’zo davlatlarga ba’zi g‘oyalarni taklif qilmoqdamiz. Va bu g‘oyalarning bir qismi… „ikki davlat“ yechimiga kelishda o‘z shartlarimizdan qanday foydalanishimiz haqida”, — degan nashrga Yevropa rasmiylaridan biri.

Nashrga yana bir yevropalik rasmiyning aytishicha, YeIning ko‘plab a’zolari Isroil “ikki davlat” rejasini qo‘llab-quvvatlashni istamasligidan noroziligini bildirgan.

“[Isroil bosh vaziri Benyamin] Netanyaxuni biror narsaga majburlash qiyin. Ammo u hokimiyatda abadiy qolishi ilojsiz”, — degan u.

Avvalroq Netanyaxu matbuot anjumani chog‘ida Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti yakunlanganidan keyin Falastin davlati tashkil etilishiga qarshi ekanini ma’lum qilgandi. “Bu mojaro (Falastin) davlatining yo‘qligi haqida emas, balki yahudiy davlatining mavjudligi haqida”, dedi u.