Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda TOLO News Badaxshon axborot va madaniyat departamenti rahbari Zabihulloh Amiriyga tayanib xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, halokat Kuran-va-Munjan hamda Zebak hududlari yaqinidagi Tophan tog‘ida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga qutqaruv guruhi yuborilgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, samolyot yakshanba kuni ertalab qulagan.

AviaSpotter Telegram kanali yakshanba kuni ertalab Hindistonning Gaya shahridan Toshkentga uchayotgan Gazpromavia (Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi aviaoperatori) Falcon 10B (RA-09011) samolyoti radarlardan yo‘qolib qolgani haqida xabar berdi.

“Uchuvchilar texnik nosozliklar tufayli Tojikiston chegarasini kesib o‘tish vaqtida rejadan tashqari qo‘nishni rejalashtirgani haqida xabar bergan. Biroq keyinchalik samolyot haqida qo‘shimcha ma’lumot bo‘lmagan. Havo kemasi oxirgi marta Afg‘oniston chegarasiga yaqinlashganda radarda ko‘rsatilgan”, — deyiladi xabarda.

Kanalning qayd etishicha, OAV samolyot Hindistondan uchayotgan uchun uni Hindistonniki deya xato qilgan bo‘lishi mumkin.

Afg‘onistonda g‘oyib bo‘lgan Falcon 10 (RA-09011) samolyoti Rossiya fuqarolik samolyotlari davlat reestrida ro‘yxatga olingan, deya xabar berdi Federal havo transporti agentligi (“Rosaviatsiya”). Bortda 6 kishi: 4 nafar ekipaj a’zosi va 2 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Samolyot Gaya (Hindiston) — Toshkent (O‘zbekiston) — Jukovskiy (Rossiya) yo‘nalishi bo‘yicha charter reysini amalga oshirayotgan edi.

“Rosaviatsiya” Afg‘oniston va Tojikiston aviatsiya idoralari bilan hamkorlikda qidiruv ishlarini olib borilishini bildirdi. 20-yanvar kuni kechqurun Afg‘oniston havo hududida (Tojikiston chegarasi yaqinida) aloqani to‘xtatib, radarlardan g‘oyib bo‘lgan samolyotni qidirish ishlari davom etmoqda.