19-yanvar soat 20:00 atrofida Surxondaryo viloyati Denov tumanida Nexia va avtozak transportlari o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Voqea tumanning “Vodiy” mahallasidan o‘tuvchi yo‘lida sodir bo‘lgan. 36 yoshli haydovchi Nexia mashinasini boshqarib kelib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.

Oqibatda haydovchi boshqaruvni yuqotib, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan Surxondaryo viloyati IIB xo‘jalik bo‘limiga tegishli “GAZon Nekst” avtozakning yo‘nalishiga chiqib ketib, to‘qnashuv sodir etgan.

YTH oqibatida Nexia turtib ketgan 41 yoshli piyoda og‘ir tan jaroxatlari sababli tuman shifoxonasida yotqizilgan. Mazkur avtomashina haydovchisi va bir nafar yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan.