O‘zbekistonda 1-martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilari ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin bo‘ladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning 18-yanvardagi farmonida ko‘zda tutilgan. Avvalroq “Gazeta.uz” mart oyidan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijaraga elektron onlayn auksionlar orqali berilishi haqida yozgan edi (2021-yildan buyon ochiq elektron tanlov orqali amalga oshirilmoqda).

Farmonga muvofiq, ijaraga oluvchining o‘zi yerdan kamida uch yil foydalangan bo‘lsa, ijara huquqini o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yuridik shaxslarga elektron onlayn auksionlar, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yiladi.

Ijaraga beruvchi ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash lozim bo‘lgan to‘lovlarni biryo‘la to‘lashi shart.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga yil oxirigacha yerga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, lekin amalda foydalanib kelinayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha yer uchastkalari bo‘yicha ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki yerni zaxiraga qaytarish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar barcha hollarda barcha shaxslardan to‘liq undiriladi, bunda yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan hollar mustasno.

Garovga qo‘yuvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar garovi bilan ta’minlangan majburiyati bajarilmagan taqdirda, yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, ijara huquqini yer ijarasi shartnomasining qolgan davriga elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.

Bunda yer uchastkasiga ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolari chiqarishni vakolatli organlar bilan kelishish (xulosa olish) talab etilmaydi.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolarida realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi.