O‘tgan yozdagi muvaffaqiyatsiz qarshi hujumdan so‘ng Ukraina Rossiya bilan urushning uchinchi yiliga tayyorgarlik ko‘rmoqda va yangi strategiya — “faol mudofaa"ga o‘tmoqda, deb yozadi Financial Times (FT).

“Faol mudofaa” strategiyasi — mudofaa chizig‘ini ushlab turish va, shu bilan birga, havo zarbalari orqali dushmanning zaif tomonlarini izlash — bu yil Ukrainaga “kuchini to‘plab olish” va 2025-yilda muvaffaqiyatga erishish ehtimoli ko‘proq bo‘lgan qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi", — deya gazeta Ukrainaga nisbatan siyosatni nazorat qiluvchi shaxsi noma’lum G‘arb rasmiysining so‘zlarini keltirdi.

“2024-yilda operatsion yutuq bo‘lishi ehtimoli har ikki tomon uchun ham past”, — dedi u.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dekabr oyi boshida urushning “yangi bosqichi” kelganini aytgandi, deya qayd etadi FT. U armiyaga ming kilometrlik front chizig‘ining asosiy qismlari bo‘ylab yangi istehkomlar qurishni buyurgan, bu hujumdan mudofaa pozitsiyasiga o‘tishni anglatadi.

Kiyevning eng kuchli ittifoqchilari ham mudofaaga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, deb yozdi FT. Avvalroq Estoniya Mudofaa vazirligi Ukraina 2025-yilda hujum kampaniyasi qayta boshlanishi uchun o‘ziga va ittifoqchilariga sanoat bazasini qurish, zaxiralarni tayyorlash, xodimlar soni va artilleriya ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish uchun vaqt berishi, buning uchun esa “strategik mudofaa"ga o‘tishi kerakligi haqida hisobot e’lon qilgan edi.

Qo‘shma Shtatlar ham konservativ yondashuvga intilmoqda, deb yozdi gazeta. Quruqlikdan hujum qilish o‘rniga, kelgusi oylarda mavjud hududni ushlab turish, hududlarni mustahkamlash va ta’minot hamda kuchlarni oshirishga e’tibor qaratilishi kerak.

Ayni paytda, AQSh rasmiylari fikricha, Ukraina armiyasi imkon paydo bo‘lishi bilan undan foydalanish uchun Rossiya mudofaasining zaif tomonlarini qidirishda davom etishi mumkin, deb yozadi FT. Xuddi shunday, Ukraina samaradorligi isbotlangan raketa va dronlardan foydalangan holda uzoq masofadan havo hujumlarini davom ettirishi, ehtimol, kengaytirishi mumkin. Masalan, Qrimdagi Qora dengiz floti va yarimorol aerodromlarida, deya qayd etdi nashr.

Ukraina quruqlikdagi kuchlari qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy strategiya hech qanday katta o‘zgarishlarni nazarda tutmasligini ta’kidladi. “Maqsadlarimiz o‘zgarmaydi: “o‘z hududimizni ushlab turish va maksimal talofatlar keltirib, dushmanni charchatish”, dedi u Reuters agentligiga.